Samarqand davlat chet tillar instituti xorijiy oliygohlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish borasida mintaqada yetakchi oliygoh bo‘lib kelmoqda desak, mubolag‘a emas. Negaki, bugungi kunga qadar institut 100 ga yaqin nufuzli xorijiy oliygohlar bilan xalqaro hamkorlik aloqalarini davom ettirib kelmoqda. AQSH oliygohlari va ta’lim tashkilotlari ham shular jumlasidandir.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2022-yil 11-martdagi 87-02-337-sonli xati hamda AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan 2021-yil 19-avgustdagi grant ajratish to‘g‘risidagi xatiga asosan 2022-yilning 15-iyunidan 15-iyuligacha bo’gan muddatda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda Samarqand davlat chet tillar instituti bazasida “Samarkand–USA English Camp – 2022” nomli yozgi lager loyihasi tashkil etildi.

Shu munosabat bilan, bugun, 15-iyun kuni Samarqand davlat chet tillar institutiga AQShning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Daniel Rosenblum tashrif buyurdi hamda institut rektori, professor Ilhomjon To’xtasinov bilan uchrashib, kelgusidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish borasida fikr-mulohazalar almashishdi.

Shundan so’ng, AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida Samarqand davlat chet tillar instituti bazasida “Samarkand–USA English Camp - 2022” nomli yozgi lagerining rasmiy ochilish marosimi bo’lib o’tdi. Unda lagerning barcha a’zolari ishtirok etishdi va turli xil sahna ko’rinishlari namoyish etildi.

SamDCHTI Axborot xizmati

Share:
2022-06-15 21:25:08 423