O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil   3-yanvardagi 419-sonli “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 6013-sonli Farmoni, 2020-yil 31-dekabrdagi “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 829-son Vazirlar Mahkamasining Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021-yil 5-martdagi 120-sonli hamda 2021-yil 28-iyundagi 281-sonli buyruqlari yuzasidan talabalar orasida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan rektor maslahatchisi S.Kulmuradov, Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i M.Sodiqov, bo‘lim bosh mutaxassisi F.Abduraxmonov hamda Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari mayor D.Aliyev va kapitan O.Shakarovlar tomonidan Samarqand davlat chet tillar institutida tahsil oluvchi talabalar ishtirokida umumprofilaktik tadbir o‘tkazildi.

Yig‘ilishda korrupsiya illatining salbiy oqibatlari to‘g‘risida ma’ruza qilindi. Jumladan, korrupsiya davlat yoki jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi, inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib keladi. Shu bois, unga qarshi kurash xalqaro ahamiyat kasb etib, jahon siyosatining muhim yo‘nalishlaridan sanaladi. Insonni qiyin ahvolga tushiradigan, ruhan ezadigan holatlar ichida eng og‘iri adolatsizlik hisoblanadi. Uning bir ildizi korrupsiya bilan bog‘liq bo‘lib, bu shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeyidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishida ifodalanadi.

Korrupsiya dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan global muammolardan biridir. Ushbu illat har qanday davlat yoki jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi, inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib keladi. Shu bois, unga qarshi kurash xalqaro ahamiyat kasb etib, jahon siyosatining muhim yo‘nalishlaridan sanaladi. Ushbu illat tufayli jamiyatning davlat hokimiyati va boshqaruviga bo‘lgan ishonchi pasayadi, qonun talablari bajarilishiga putur yetkaziladi.

Korrupsiya kuchaygan mamlakatga investisiya kirib kelishi kamayadi, natijada ushbu mamlakat iqtisodiyoti va rivojlanishi jiddiy zarar ko‘radi. Hozirgi vaqtda ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy muammolar orasida korrupsiyaga qarshi kurash muammosi, ayniqsa, muhim o‘rin egallaydi. Shuning uchun ham jamiyatda korrupsiyaviy jinoyatlarning sodir etilishi va ularga yo‘l qo‘ymaslik, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, jinoyatga jazo, albatta, muqarrar ekani to‘g‘risidagi qonun talablarini amalda ta’minlash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilmoqda.

Korrupsiya – bu moddiy yoki mulkiy yo‘sinda, g‘ayriqonuniy shaxsiy naf ko‘rish maqsadida, o‘z xizmat mavqeyidan foydalanishida ifodalanadigan ijtimoiy hodisa. Mazkur hodisa demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlari buzilishiga olib keladi, bozorlar faoliyatiga to‘sqinlik qiladi, hayot sifatini yomonlashtiradi va odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa harakatlarning ildiz otib, gullashi uchun sharoit yaratadi.

Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston Respublikasi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 6013-son Farmoni, Vazirlar Mahkamasining 829-son Qarori,  O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021-yil 5-martdagi 120-sonli hamda 2021-yil 28-iyundagi 281-sonli buyruqlari to‘g‘risida batafsil tushuntirib berildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining “Boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar” XV bobida keltirilgan korrupsiyaga oid 168-, 205-, 214-moddalari va ularga qo‘llanadigan sanksiyalar tanishtirilib, yana bir bor talabalarni ogohlikka da’vat etildi. Davra suhbatida talabalarni qiziqtirgan savollarga javoblar berildi.

SamDCHTI Axborot xizmati

Share:
2022-06-22 16:26:33 265