Shu yilning 15-16 sentyabr kuni Samarqand shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkilotining navbatdagi sammiti o‘tkazilishi munosabati bilan 14-17 sentyabr kunlari shahar va uning atrofida transport vositalari harakati cheklanishi haqida xabarlar tarqatildi.

Bu haqida batafsil ma’lumot berish, jamoatchilikni qiziqtirayotgan masalalarga aniqlik kiritish maqsadida Samarqand viloyati IIBda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan tezkor shtab tomonidan tegishli vazirlik va tashkilotlar mas’ullari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. 
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jamoat xavfsizligi departamenti matbuot kotibi Muzifa Sultonovaning ta’kidlashicha, sammit o‘tkazilishi munosabati bilan 14-17 sentyabr kunlari Samarqand shahridagi yo‘llar to‘liq yopilmaydi, balki ayrim ko‘chalarda avtotransport vositalari harakatlanishi vaqti-vaqti bilan cheklanadi. Viloyatlararo qatnovchi transport vositalariga esa cheklangan vaqt davomida aylanma yo‘llardan foydalanish  tavsiya etiladi. Bu jarayonda YPX xodimlari yo‘nalishni ko‘rsatib turadi. 

Qo‘shni viloyatlarga tegishli transport vositalarining Samarqand shahri hududiga kirmasdan harakatlanishini ta’minlash maqsadida yo‘nalish bo‘yicha yo‘naltiruvchi postlar tashkil etildi. 

– Haydovchilarga qulaylik yaratish maqsadida maxsus flayerlar ishlab chiqildi va undagi QR kod orqali ruxsat etilgan aylanma yo‘llardan mobil ilova yordamida fuqarolarni o‘z manziliga adashmasdan harakatlanish imkoniyati yaratildi, – deydi M.Sultonova. – Aylanma yo‘llarda yo‘l yotiq chiziqlari yangitdan chizildi, yo‘naltiruvchi  pano va yo‘l belgilari o‘rnatildi.  

Ayni paytda Samarqand shahrining markaziy ko‘chalarida yangi intensiv, nur qaytaruvchi yo‘l belgilari o‘rnatilmoqda, 50 dan ziyod zamonaviy svetofor ob’ektlari qurildi, yo‘l yotiq chiziqlari Germaniya va Belarusda ishlab chiqarilgan bo‘yoq va sovuq plastik yordamida chizilmoqda. Ko‘zi ojiz fuqarolarga qulayliklar yaratishda, ovozli piyodalar svetoforlari o‘rnatilmoqda. Yangi o‘rnatilgan svetofor  ob’ektlarida masofadan boshqarish tizimi joriy etilmoqda. 

– 14-17 sentyabr kunlari shaharning Ibn Sino, Bo‘stonsaroy, Universitet xiyoboni, G-34, Sadriddin Ayniy, Registon, Rudakiy, Shohi Zinda, Usta Umar Jo‘raqulov, Islom Karimov, Afrosiyob, Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Gulobod, Muqimiy, Dahbed ko‘chalarida transport vositalarining harakati vaqtincha cheklanishi munosabati bilan mazkur ko‘chalarda jamoat transporti vositalarining harakatiga cheklov o‘rnatiladi – dedi Transport vazirining matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatov. – Faqatgina 4, 7, 15, 24, 37, 74, 93 va 99 raqamli avtobus yo‘nalishlarida ayrim o‘zgartirishlar kiritilgan holda aholiga jamoat transporti xizmati ko‘rsatiladi. Samarqand shahridagi qolgan 28 ta avtobus, 2 ta tramvay yo‘nalishlari, shuningdek, ikkita yo‘nalishda taksi xizmati vaqtincha to‘xtatiladi. Shahar atrofi va shaharlararo viloyat ichki yo‘nalishlarida harakatlanayotgan transport vositalari shaharning tashqi halqa yo‘lida vaqtincha tashkil etilgan 8 ta YPX maskanlarigacha harakatlanishlari ko‘zda tutilgan. 

Matbuot anjumanida sammit o‘tkaziladigan kunlarda shahardagi tibbiyot muassasalari, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, kafe va restoranlar, masjidlar faoliyati to‘g‘risida ham ma’lumot berildi. Favqulodda vaziyatlarning oldini olish yuzasidan soha mas’ullari tomonidan zarur tavsiyalar aytildi. 

 

Share:
2022-09-07 18:04:00 185