2022-2023-o‘quv yilida Samarqand davlat chet tillar institutida talabalar turar joylariga joylashish yuzasidan arizalar berish onlayn tartibda manager.samdchti.uz platformasi orqali joriy yilning 14-sentabridan 20-sentabrigacha (shu kuni ham) qabul qilinadi.

Arizalar institut va fakultet ishchi guruhlari tavsiyasini inobatga olgan holda institut komissiyasi tomonidan 25-sentabrga qadar ko‘rib chiqiladi.

Talabalarni turar joylariga joylashtirishda “Talabalar turar joyi to‘g‘risida”gi Nizom talablariga muvofiq mavjud o‘rinlardan ehtiyoj va talab yuqori bo‘lgan holatlarda quyidagi mezonlar ketma-ketligi asosida talabalar ustunlikka ega bo‘ladi:

– Chin yetim talabalar (kursidan qat’iy nazar);

– “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari (kursidan qat’iy nazar);

– Nogironligi mavjud talabalar (1- va 2-guruh);

– Ijtimoiy himoyaga muxtoj, moddiy ahvoli og‘ir talabalar (shuningdek, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”da turuvchi oila farzandlari, “Yoshlar daftari”ga kiruvchi talabalar va bitta oilada ikki yoki undan ortiq shaxs to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan bo‘lsa);

– Xorijdan kelib tahsil olayotgan talabalar;

– Uzoq viloyatlar va tumanlardan kelgan 1-2 kurs talabalar:

Birinchi bosqich talabalarini joylashtirish o‘quv jarayonlari boshlanganda, ya’ni 26-sentabrdan keyin ham davom etadi.

Bundan tashqari, Samarqand shahriga yaqin bo‘lgan tumanlardan keluvchi talabalarga ijara xonadonlarga joylashish tavsiya etiladi. Ijara xonadon egasi bilan belgilangan tartibda shartnoma rasmiylashtirilgan taqdirda talabalar tomonidan to‘lanadigan oylik ijara to‘lovi BHMning 0,5 baravarida (150 ming so‘m) miqdorda byudjet mablag‘lari hisobidan har oy qoplab beriladi.

Ijarada turish istagi bor talabalarga “Talabalar uchun ijaraga turar joy izlash portali” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ijara.edu.uz platformasi orqali turar joy topishlari mumkin. Ijaraga joylashtirishda talabalarga yordam ko‘rsatish maqsadida institutda va har bir fakultetda ishchi guruhlar tashkil etilgan. Bunga talabalarni turar joy bilan ta’minlash ishlarini muvofiqlashtirish bo‘limi hamda fakultet yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari va guruh tyutorlari mas’ul etib belgilangan.

Bugungi kunda SamDCHTI 4 ta talabalar turar joyi mavjud bo‘lib, jami 1690 o‘ringa mo‘ljallangan.

Institut Kengashining qaroriga ko‘ra, institutning 1-, 2- va 3-son talabalar turar joylarida istiqomat qilganlik uchun to‘lov miqdorlari kengash a’zolari tomonidan 2022-yil 1-oktabrdan boshlab institut talabalari uchun bir oyga 150 ming so‘m etib belgilandi, undan tashqari Samarqand shahar Gagarin ko‘chasi 43-uyda joylashgan DXSH asosida yangi qurilgan talabalar turar joyiga ham 1-oktabrdan boshlab talabalar joylashishi mumkin.

SamDCHTI Axborot xizmati

Share:
2022-09-13 18:02:44 7337