Zokir Bozorov,
SamDCHTI akademik litseyi ijrochi direktori, dotsent.

Dunyoga kelgach ilk tushuncha va tasavvurlarni ota-onamiz vositasida shakllantirsak-da, hayot so’qmoqlarida atak-chechak qilishni, to’siqlarga qaramay odimlashni, har bir mag’lubiyatdan saboq olib, oldinga intilishni, eng muhimi bu yo’lda insoniylikni yo’qotmaslikni, hech shubhasiz, muallimdan o’rganamiz.

Bugun mamlakatimizda ana shunday zalvorli kasbning yukini Sharaf bilan ko’tarayotgan, betinim mehnatlari evaziga yosh avlodga oq-u qora, yaxshi yomonni farqlashda ko’mak berib, to’g’ri yo’lga boshlayotgan o’qituvchi va murabbiylar farzandlarni manzilga tomon og’ishmay borishlarida beminnat xizmat qilayotgan Zuhro yulduzidirlar. Ana shunday mehribon, o’z kasbiga sadoqatli, o’quvchilarni o’z farzandidek suyib, ta’lim-tarbiya berayotgan muallimlar bor ekan, bu millatdan Ulug’beklar, Boburlar-u Nodiralar yetishib chiqaveradi!

Shu o’rinda bir jihatga to’xtalib o’tishim o’rinli deb o’ylayman, Samarqand davlat chet tillar instituti akademik litseyi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 26-sentabrdagi “Akademik litseylarni oliy ta’lim muassasalari tasarrufiga o‘tkazish to‘g‘risida”gi PQ-3290 qarori asosida Samarqand davlat chet tillar instituti akademik litseyi nomiga o‘zgartirilib, Samarqand davlat chet tillar instituti tasarrufiga o‘tkazildi.

Akademik litseyda 4 ta kafedra mavjud, rahbar-xodimlar 8 nafar, asosiy shtatdagi o‘qituvchilar 36 nafarni tashkil etadi, xorijiy tili o‘qituvchilari 13 nafar bo’lsa, ilmiy darajaga erishgan xodimlar 1 nafarni ko’rsatadi. Bundan tashqari 5 nafar o‘qituvchi va xodimlar mustaqil tadqiqodchi sifatida ilmiy ish bilan shug‘ullanib kelmoqda. 13 nafar xorijiy tili o‘qituvchilarninig 12 nafarida chet tilini bilish darajasini belgilovchi sertifikatlar mavjud, bu ko’rsatkich umumiy olganda 92 foizni tashkil etadi.

Akademik litseyda joriy yilning yanvar oyida chet tili o‘qituvchilari uchun “The importance of Project-based learning in teaching researching and writing skills” mavzuda xalqaro semenar tashkil qilindi. Semenarda Samarqand shahridagi akademik litsey va maktablardan chet tili o‘qituvchilari ishtirok etib, o’z malakasini oshirishdi.

Yana bir ahamiyatli jihati, 2020/2021 o‘quv yilida litsey bitiruvchilarining o‘qishga kirish ko‘rsatkichi 83% bo‘lib, shundan 29 foizi xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan bitirivchilardir.

2021/2022 o‘quv yilida esa o‘quvchilarining o‘qishga kirish ko‘rsatkichi 81 foiz bo‘lib, shundan 25 foizi xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan bitirivchilardir. Muhimi, o‘qishga kirish ko‘rsatkichini 95 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

2022/2023 o‘quv yili iyun oyi holatiga ko‘ra jami o‘quvchilar soni 352 nafar bo‘lib, shundan 1 kurslar 183 nafar, 2 kurslar 169 nafarni tashkil etadi. Jumladan, akademik litseyda o’quv jarayoniga Yaponiya, Xitoy va Fransiya kabi davlat oliy ta’lim muassasalaridan xorijiy til mutaxassislari jalb qilingan. Yangi o‘quv yilida Germaniya va Misr singari davlatlardan o’quvchilarimizga dars berish uchun mutaxassislarni ham jalb qilish rejalashtirganmiz.

O’ylaymanki, kelgusida o’quvchi yoshlarimiz yurt taraqqiyoti va ravnaqi yo’lida mukammal ta’lim olib, kelgusida Vatanimiz dovrug’ini butun dunyoga tanitadi. So’zimning so’ngida barcha ustoz va murabbiylarimizni, o'z kasbining fidoyilarini yana bir bor bayram bilan muborakbod etaman! Sizlarga oilaviy baxt, osoyishtalik, xotirjamlik va quvonch hamisha hamrox bo'lsin.

 

Share:
2022-09-30 19:31:14 201