Samarqand davlat chet tillar instituti xorijiy oliygohlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish borasida mintaqada yetakchi oliygoh bo‘lib kelmoqda desak, mubolag‘a emas. Negaki, bugungi kunga qadar institut 100 ga yaqin nufuzli xorijiy oliygohlar va ta’lim tashkilotlari bilan xalqaro hamkorlik aloqalarini davom ettirib kelmoqda. Yaponiya oliy ta’lim muassasalari va ta’lim tashkilotlari ham shular jumlasidandir.
Shu munosabat bilan, joriy yilning 1-may kuni Yaponiyaning Nagoya shahrida joylashgan Aichi Prefektura Universiteti Vitse-prezidenti hamda Global strategiya bo‘limi direktori professor Kavabata Hiroaki Samarqand davlat chet tillar institutida bo‘ldi hamda institut rektori, professor Ilhomjon To‘xtasinov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda tomonlar o‘rtasida yangi loyihalarni amalga oshirish, bu borada hamkorlik shartnomasini tuzish va shartnomaga asosan amalga oshiriladigan ishlarni belgilash, talabalar hamda professor-o‘qituvchilar tajribasini oshirish, ilmiy izlanuvchilarning tadqiqot olib borishlarida ham birgalikda ishlash kabilar yuzasidan fikr hamda takliflar almashinildi.
Ahamiyatli jihati, endilikda Samarqand davlat chet tillar institutida “Yapon tadqiqotlar markazi”ni ochish va markazning faoliyatini rivojlantirish uchun Yaponiyaning Nagoya shahrida joylashgan Aichi Prefektura Universitetidan yapon tili o‘qituvchilarini jalb etish, shuningdek, Yaponiyada ham yaponiyalik talaba yoshlar uchun “O‘zbek tili va madaniyati markazi”ni ochish, unga professor-o‘qituvchilarni biriktirish va o‘quv adabiyotlari hamda darsliklar bilan ta’minlash, kelgusida Aichi Prefektura Universitetida o‘zbek tili fakultetini ochish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Jumladan, uchrashuv so‘ngida yuqoridagilarni amalga oshirish borasida tomonlar o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi.
SamDCHTI Axborot xizmati
O'zbekcha
English
Русский
Francais
Deutsch
