Xabaringiz bor, joriy yilning 18/19-may kunlari Xitoyning Sian shahrida “Xitoy – Markaziy Osiyo” sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etib, Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin va Markaziy Osiyoning boshqa davlat rahbarlari bilan turli sohalarda bir qancha kelishuvlarga erishishga muvaffaq bo‘ldilar.
Sammitda maktab o‘quvchilari va oliygohlarda tahsil olayotgan talabalar o‘rtasida almashinuvni rivojlantirish tashabbusini barcha bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashi sammitning eng yaxshi natijalaridan biri bo‘ldi desak, adashmagan bo‘lamiz. Mana bugun ushbu tashabbusning mevasini ko‘rishimiz mumkin.
Chunonchi, Samarqand davlat chet tillar instituti qator xorijiy davlatlar, xususan, Xitoy Xalq Respublikasining oliygohlari va ta’lim tashkilotlari bilan ham hamkorlik aloqalarini o‘rnatish borasida mintaqada yetakchi oliygoh bo‘lib kelmoqda desak, yangilishmagan bo‘lamiz.
Shu munosabat bilan, bugun, 26-may kuni Samarqand davlat chet tillar instituti hamda Xitoy Xalq Respublikasining Chingdao Gʻarbiy sohili yangi tuman boshlang‘ich va o‘rta-maxsus ta’lim muassasasi o‘rtasida onlayn tarzda hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda tomonlarning mas’ul rahbarlari ishtirok etishdi va O‘zbekiston – Xitoy o‘rtasida amalga oshirilayotgan xalqaro hamkorlik aloqalari, turli xil loyihalar hamda ta’lim sohasida erishilayotgan yutuqlar kabi masalalar haqida so‘z yuritildi. Jumladan, Chingdao Gʻarbiy sohili yangi tuman boshlang‘ich va o‘rta-maxsus ta’lim muassasasi hamda Samarqand davlat chet tillar instituti akademik litseyi o‘rtasida amalga oshiriladigan ishlar hamda istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
Uchrashuv so‘ngida tomonlar o‘rtasida professor-o‘qituvchilar hamda o‘quvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, hamkorlikda ularning tajribasini oshirish, birgalikda yozgi lagerlarni tashkil etish, o‘quv adabiyotlari va darsliklar yaratish hamda o‘quv va amaliy seminarlar o‘tkazish borasida onlayn ravishda hamkorlik shartnomasi imzolandi.
SamDCHTI Axborot xizmati
O'zbekcha
English
Русский
Francais
Deutsch
