2023-yil 29-may kuni Samarqand davlat chet tillar institutida bitiruvchi talabalar  uchun bo‘sh ish o‘rinlari, ya’ni “Karyera kunlari” mehnat yarmarkasi o‘tkazildi. Unda ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar oliy o‘quv yurtida tahsil olayotgan talaba-yoshlarni bugungi davr talabidan kelib chiqqan holda darsdan so‘ng ishga joylashtirish va bitiruvchilarning bandligini ta’minlash, “Karyera kunlari” mehnat yarmarkasi ham bu boradagi ishlarning amaliy ifodasi ekanligini ta’kidlashdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, bugungi kunda Samarqand davlat chet tillar institutida o‘n ikki mingdan ortiq bakalavr hamda magistrlar tahsil olayotgan bo‘lib, ularning 2146 nafari joriy yil oliygohdan uchirma bo‘ladi. Tadbirda viloyatdagi barcha ish beruvchi tashkilotlardan ellikdan ortig‘i ishtirok etishdi.

Bugungi mehnat yarmarkasi har yilgidan bevosita o‘zgacharoq bo‘lib, bunda ish bilan ta’minlash tashabbusi asosan ish beruvchi tashkilotlar tomonidan bo‘ldi. Ayniqsa, umumta’lim maktablari va turli xil turistik tashkilotlar xorijiy til mutaxassislariga talab yuqori ekanligini bildirishmoqda.

Samarqand davlat chet tillar institutida bo‘lib o‘tgan “Karyera kunlari” mehnat yarmarkasida talabalarni darsdan so‘ng ishlab, daromad topishi va bitiruvchilar bandligini ta’minlash uchun viloyatdan ishtirok etgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari, sayyohlik firmalari, til markazlari hamda Samarqand turizm markazi kabi ish beruvchi tashkilotlar jami 212 nafar talaba-yoshlar bilan uch tomonlama shartnoma imzoladilar. Shuningdek, ish beruvchi tashkilotlar tomonidan berilgan anketalarni to‘ldirib, ishga joylashish talab va shartlari to‘g‘risida tushinchalarga ega bo‘lishdi.

Ta’kidlash lozim, 2022/2023 o‘quv yilida Samarqand davlat chet tillar institutida bakalavr yo‘nalishi bo‘yicha bitiruvchilar soni 1700 nafarni, magistratura mutaxassisligi bo‘yicha 446 nafarni tashkil etadi.

SamDCHTI Axborot xizmati

Share:
2023-05-29 17:44:44 220