Qadrli va muhtaram ustozlar va o‘qituvchilar! Avvalo, siz, azizlarni, ustoz deb, nomini sharaflab kelayotgan barcha yurtdoshlarni “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bilan chin ko‘ngildan muborakbod etaman.

Bugun mazkur qutlug‘ ayyomni yurtimizda keng nishonlar ekanmiz, avvalo, qadrdon maktabimiz, bizga harfni tanitgan, ezgulikdan saboq bergan mehribon muallimlarimiz siymosi ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi. Biz uchun ibrat namunasi, yuksak insoniy fazilatlar timsoli bo‘lgan sizlar kabi aziz va mo‘tabar zotlar sha’niga eng go‘zal so‘zlar, ezgu tilaklarimizni izhor etamiz.

Sizlarning barchangizga hech qachon uzib bo‘lmaydigan qarzdorlik hissi bilan ta’zim qilamiz. Haqiqatan ham, har bir murg‘ak bolani o‘z farzandidek ardoqlab, yosh avlod tarbiyasi uchun butun borlig‘ini baxshida etadigan o‘qituvchi va murabbiylar tom ma’noda fidoiy kasb egalaridir.

Biz bugun zamonaviy bilim va kasb-hunarlar, xorijiy tillarni puxta egallab, katta umid va ishonch bilan hayotga qadam qo‘yayotgan, ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan ming-minglab farzandlarimiz kamolida o‘qituvchi va murabbiylarimizning beqiyos hissasi borligini yaxshi bilamiz va sizlarning bu ulug‘ xizmatingizni yuksak qadrlaymiz.

Mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi davriga qadam qo‘ygan hozirgi kunda mamlakatimizda barcha sohalarda keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Ana shu islohotlarning muvaffaqiyati, mamlakatimizning dunyodagi rivojlangan, zamonaviy davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallashi, avvalo, ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasining rivoji bilan, bu borada bizning dunyo miqiyosida raqobatdosh bo‘la olishimiz bilan uzviy bog‘liq desak, adashmagan bo’lamiz.

Barchangizga ma’lum, institutimizda ham juda ko‘plab samarali ishlar amalga oshirilmqoda. Xorijning nufuzli turli xil oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqlarini yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Yangidan yangi ta’lim yo’nalishlari hamda fakultetlar faoliyatini yo’lga qo’yayapmiz.

Jumladan, tajriba almashish borasida professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, hamkorlikda o‘tkazilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, ko‘plab xorijlik professor-o‘qituvchilarning institutimizda faoliyat ko‘rsatayotganligi hamda institutimizning aksariyat professor-o‘qituvchilari xorijda stajirovka o‘tab kelayotganliklari buning yaqqol namunasidir. Shu o’rinda yana bir yutug’imizni aytib o’tishimiz joiz, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri tomonidan 1-oktabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan oliy taʼlim sohasida vijdonan faoliyat olib borib, yosh avlodning sifatli taʼlim olishida oʻzining fidokorona mehnati bilan namuna boʻlayotgan, tizim rivoji uchun oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelayotgan ustozlarimiz Shaxriyor Safarov, O’ral Usmonov hamda Xurshid Xayrullayevlar “Oliy taʼlim aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanishdi. Sizlarni institutimiz jamoasi nomidan mamnuniyat ila muborakbod etaman.

O‘ylaymanki, biz hammamiz jamoa bilan birgalikda ta’lim sohasida yangi-yangi pog‘onalarni zabt etishdan to‘xtamaymiz. Sizlarni yana bir bor “1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan samimiy tabriklayman, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad yor bo’lsin, xonadonlaringizdan tinchlik-xotirjamlik, fayz-u Baraka arimasin. Doimo sog‘ va omon bo‘ling, aziz ustozlar va murabbiylar!

Fazliddin Ro’ziqulov,

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori v.v.b.

Share:
2023-09-30 19:27:35 413