Samarqand davlat chet tillar instituti xorijiy oliygohlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish borasida mintaqada yetakchi oliygoh bo‘lib, bugungi kunga qadar institut 100 ga yaqin nufuzli xorijiy oliygohlar va ta’lim tashkilotlari bilan xalqaro hamkorlik aloqalarini davom ettirib kelmoqda. Janubiy Koreya oliy ta’lim muassasalari va ta’lim tashkilotlari ham shular jumlasidandir.
Shu munosabat bilan bugun, 26-iyun kuni Janubiy Koreyaning “Hyundai Motor Chung Mong Koo” fondi hamda Konkuk universiteti delegatsiyasi Samarqand davlat chet tillar institutiga tashrif buyurdi. Jumladan, delegatsiya a’zolari va institut rektori Xoliqov Bahodir Aliqulovich ishtirokidagi mezbonlar o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda tomonlar o‘rtasida o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini joriy etish, hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda koreys tilining o‘qitilishini yanada rivojlantirish, koreyalik malakali mutaxassislarni o‘quv jarayoniga jalb etish kabi masalalar yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Shuningdek, “Hyundai Motor Chung Mong Koo” fondi direktorlar kengashi raisi Chung Moosung Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Xoliqov Bahodir Aliqulovichga institut koreys tili yo‘nalishining malakali bitiruvchilarini “Hyundai Motor Chung Mong Koo” fondiga ishga joylashtirish taklifini bildirib o‘tdi. Uchrashuv so‘ngida tomonlar o‘rtasida ta’lim hamda ilm-fan sohalarida hamkorlik qilish bo‘yicha memorandum imzolandi.




SamDCHTI Axborot xizmati
O'zbekcha
English
Русский
Francais
Deutsch
