Xabaringiz bor, ayni kunlarda 2024-2025 o‘quv yili uchun barcha oliy ta’lim muassasalari, jumladan, Samarqand davlat chet tillar institutida ham talabalarni turar joylar hamda ijara xonadonlariga joylashtirish borasida samarali ishlar tashkil etilib kelinmoqda.

Yangiliklar va o‘zgarishlar haqida biz ijtimoiy tarmoqlarda, rasmiy veb-saytimizda va ommaviy axborot vositalarida muntazam ravishda ma’lumotlar berib boryapmiz. Murojaat qilgan talabalar hamda ularning ota-onalariga imkon qadar javob berishda davom etyapmiz!

Batafsil axborot berib o‘tamiz. Bugungi kunda Samarqand davlat chet tillar institutida 5 ta talabalar turar joyi mavjud bo‘lib, jami 2020 o‘ringa moshlashgan. Institutda jami talabalar soni 11594 nafarni tashkil etib, shundan 8289 nafari kunduzgi ta’lim shaklida tahsil oladi. Ularni turar joylar bilan ta’minlash borasida 2020 nafar talaba-yoshlarni talabalar turar joyiga joylashtirish belgilangan, jami talabalarning 3073 nafari o‘z uyi va yaqin qarindoshinikida istiqomat qilishi ma’lum bo‘ldi. Turar joyga extiyoji bor qolgan talabalarni ijara xonadonlariga joylashtirish reja qilingan. Bu borada institut atrofidan hozirgacha 700 ga yaqin ijara xonadonlari tayyor holga keltirildi.

Bugungi kungacha 2-kurs va undan yuqori kurs turar joyga ehtiyoji bor talabalarining murojaatlari inobatga olinib, ularning barchasi turar joy bilan ta’minlandi. my.gov.uz portali orqali 1-kursga talabalikka qabul qilinganlardan esa ayni damgacha jami 547 ta ariza kelib tushgan va ularni ham talabalar turar joyi hamda istaklariga asosan ijara xonadonlariga joylashtirish tadbirlari davom ettirilmoqda.

Avval ma’lum qilinganidek, hozirda talaba-yoshlarni ijara xonadonlariga va talabalar turar joylariga joylashtirish borasida “Markaz” faoliyati davom etyapti. Markaz xodimlari institut yaqin atrofidagi mahallalar bilan hamkorlikda zaxira ijara xonadonlarini topish ishlarini davom ettirishmoqda. Call-markaz telefon raqamlari ham muntazam aloqada bo‘lib, talabalar hamda ularning ota-onalari tomonidan qilingan murojaatlarga atroflicha javob berilmqoda.

Ma’lumot sifatida keltirib o‘tamiz, Samarqand davlat chet tillar institutida ta’lim sifatini yanada yaxshilash va talabalar hamda professor-o‘qituvchilarga barcha mos qulayliklarni yaratib berish borasida keng miqiyosida qurilish va qayta ta’mirdan chiqarish ishlari davom ettirilmoqda.

Jumladan, talabalar turar joyi qamrovini kengaytirish maqsadida davlat xususiy sherikchilik asosida hozirda institutning Samarqand shahar Gagarin ko'chasi 43-uy manzilidagi hududida 400 o'ringa moslashgan 5 qavatli talabalar turar joyini qurish ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda. Shuningdek, 2000 o‘rinli o‘quv binosi yangidan bunyod etilib, barcha zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanib, talabalar va professor-o‘qituvchilarga foydalanishga topshirishga tayyor holda.

Qo‘shimcha ma’lumotlar va o‘zgarishlar yuzasidan institutimiz rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlari orqali ommaga muntazam axborot berib boriladi.

SamDCHTI Axborot xizmati

Share:
2024-09-04 16:45:00 161