Bugungi kunda mamlakatimizda kitobxonlikni rivojlantirish, yoshlarni kitobxonlikka jalb etish va yanada savodli qilish borasida salmoqli ishlar qilinmoqda. Bunga misol qilib Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018-yildagi “Buyuk allomalar, adib va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida yoshlar o‘rtasida kitobxonlik tanlovlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “Yosh kitobxon” respublika tanlovining tashkil etilganligini keltirishimiz mumkin.

Unda jamiyat hayotida ezgu qadriyat va an’analarni chuqur qaror toptirishga, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy-intellektual salohiyati, ong-u tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, ularning qalbida ona Vatanimiz hamda xalqimizga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini kuchaytirish, barkamol shaxsni tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.

“Yosh kitobxon” tanlovi yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan respublikamizning eng yirik tanlovi hisoblanadi. Tanlovda har yili 300 ming nafarga yaqin yoshlar ishtirok etadilar va g‘oliblar avtomobil va 30 milliongacha bo‘lgan pul mukofotlarini qo‘lga kiritadilar. Bolalar va yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, ularning intellektual salohiyati va ma’naviy saviyasini yuksaltirishdan iborat.

Bilamizki, kitobni mutolaa qilishga berilgan talaba va bundan yiroq talabaning dunyoqarashi, fikrlash doirasi va savodxonligi bir-biridan tubdan farq qiladi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Kelajak – yoshlar qo‘lida”. Shu sababli kitobxonlikka yoshlarimizni ma’rifatli qilib, yurtga muhabbat ruhida tarbiyalashning asosiy vositasi sifatida qarashimiz lozim. Ayniqsa, oliy o‘quv yurtlarining talabalari orasida bunday tashviqot ishlarini ko‘paytirsak, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Chunki katta hayotga ilk bora mana shu dargohdan qadam qo‘yiladi.

Nafaqat respublikamizda, balki viloyatimizda ham kitobxonlikni targ‘ib qilish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yuqorida aytib o‘tganimiz “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovining ilk g‘oliblaridan biri ham Samarqand viloyatining vakili bo‘lgan deya faxrlanishimiz mumkin. Undan so‘ng ham hududimiz yutuqlari davomli bo‘lib kelmoqda.

Bugungi kunda yoshlarimizga juda ko‘plab imkoniyatlar berilmoqda. Yurtimizning barcha hududlarida kutubxonalar soni ham kundan kunga ko‘payib bormoqda. Eng quvonarlisi shundaki, undagi o‘quvchilar soni ham keskin ko‘paydi. Turli kitobxonlik uchrashuvlari, davra suhbatlari va anjumanlar ham tashkil etilmoqda.

Kitob nashriga bo‘lgan talab ham kun sayin ortib borayotganini ko‘rishimiz mumkin. Zamonaviy yoshlarning talabiga ko‘ra nashrlar turli tillarda chop etilmoqda. Yana bir ma’lumotni e’tibordan chetda qoldirmaslik lozim, kitobxonlarda jahon adabiyotiga ham qiziqish tobora ortmoqda.

Biz internet, ijtimoiy tarmoqlar rivojlangan davrda o‘sib ulg‘ayapmiz. Yoshlarning ongini Instagram, Telegram, Tik-tok va boshqa shunga o‘xshash ijtimoiy tarmoqlar egallab olmoqda. Bu tarmoqlar insonlarning og‘irini yengil qilish, kayfiyatini ko‘tarish, ma’naviy hordiq chiqarish uchun yaratilgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ammo undan noto‘g‘ri maqsadda foydalanish oqibatida har xil oqimlarga kirib ketayotganlar ham yo‘q emas. Aynan mana shunday holatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish uchun ham kitob mutolaasi bizga juda zarur!

Ijtimoiy tarmoqlarda ham kitob o‘qisa bo‘ladi. Buning imkoni esa allaqachon yaratilgan. Ya’ni, siz istagan kitobingizni hech qanday qiyinchiliksiz Internet tarmog‘idan topa olasiz. Elektron kitoblar mana shu maqsadda yaratilgan. Ta’kidlash joizki, internet ma’lumotlar bazasi juda kata, kitoblar esa mana shunda o‘rin olgani quvonarli hol.

Hozirgi kunda eshitib o‘rganish ta’lim olishning eng qulay va samarali usullaridan biriga aylandi. Kitobxonlar uchun esa bu borada ham imkoniyatlar mavjud. Elektron kitoblardan tashqari ularning audiolari ham ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilib borilmoqda. Endi aytingchi, shunday qulayliklar va imkoniyatlar yaratilyotgan bir paytda kitob o‘qishga imkonim yo‘q deya olasizmi!?

Biz – mustaqil O‘zbekistonning farzandlarimiz. Unga munosib bo‘lish esa bizning yuksak burchimizdir. Zero, Prezidentimizning “Yangi O‘zbekiston demokratik o‘zgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanmoqda”, degan gapi barcha yurtdoshlarimizni, xususan, yoshlarni Vatanimiz ravnaqi yo‘lida birlashib, yangi O‘zbekistonni barpo etish, har tomonlama obod va farovon davlatga aylantirishga munosib hissa qo‘shishga da’vat etadi.

Malika MAHMUDOVA,

Samarqand davlat chet tillar instituti talabasi.

Share:
2024-09-19 19:33:44 152