O’zbekiston Respublikasi Prezidenti rahnamoligida chekka hududlarda kambag’allikni qisqartirish orqali odamlar turmush sharoitini yaxshilash borasidagi islohotlardan kelib chiqib, Samarqand viloyatining chekka Qo‘shrabot tumanida yashayotgan kam ta’minlangan oila farzandlari, Janubiy Koreyaga ishlash uchun borayotgan fuqarolar va Germaniyaga hamshiralik uchun borish istagidagi tibbiyot xodimlari uchun tumanning ikki joyida xorijiy tillarni o‘qitishga mo‘ljallangan o’quv markazlari tashkil etilmoqda.
Samarqand davlat chet tillar instituti tomonidan faoliyati yo’lga qo’yilayotgan mazkur o’quv markazlarida institut pedagoglari tomonidan ingliz, nemis va koreys tillarini o‘qitish rejalashtirilgan.
Markazlar uchun tuman markazida joylashgan 82-umumta’lim maktabi binosidan 5 ta xona, Jo‘shota hududida joylashgan kasb-hunar kolleji binosidan 5 ta xona ajratilgandi. Ayni paytgacha mazkur xonalarda institut tomonidan olib borilgan ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazildi.
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Bahodir Xoliqov tomonidan o’tkazilgan yig’ilishda har ikkala o’quv markazida amalga oshirilayotgan ishlar, qilinishi lozim bo’lgan vazifalar muhokama etildi. Institut prorektorlari, fakeltet dekanlari ishtirok etgan yig‘ilishda mas’ullar o’quv markazlarini tayyorlash va jihozlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida axborot berishdi.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda tumanda yashayotgan kam ta’minlangan oila farzandlari va Germaniyaga hamshiralik uchun borish istagini bildirgan tibbiyot xodimlari ro‘yxati shakllantirildi.
Mazkur markazlarda mashg‘ulotlarni olib boruvchi 2 nafardan ingliz, nemis va koreys tili mutaxassislari – jami 6 nafar malakali pedagog-o’qituvchilar ajratildi. Ushbu o‘qituvchilarga institut tomomidan qonunda belgilangan tartibda ish haqi to‘lab borilishi aytib o’tildi.
Yig’ilishda institut rektori Bahodir Xoliqov markazlarni jihozlar, o’quv adabiyotlar, ko’rgazmali vositalar bilan ta’minlash, pedagoglarga yetarli sharoitlar yaratish bo’yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi. Tez kunlarda institutimizning Qo’shrabot tumanidagi o’quv markazlari o’z faoliyatini boshlaydi.





SamDCHTI Axborot xizmati
O'zbekcha
English
Русский
Francais
Deutsch
