Samarqand davlat chet tillar institutida Samarqand derivatologiya maktabi asoschisi filologiya fanlari doktori, professor Ne’mat Turniyozovning 85 yillik yubileyiga bag’ishlangan “Zamonaviy tilshunoslik va derivatsion qonuniyatlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo'lib o’tdi.
Unda institut professor-o’qituvchilari, talabalar hamda onlayn shaklda mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassaslaridan olimlar, N.Turniyozovning hamkasblari va shogirdlari ishtirok etishdi.
Tadbirda so’zga chiqqan Samarqand davlat chet tillar instituti rektori B.Xoliqov N.Turniyozovning hayot yo’li, o’zbek tilshunosligining derivatologiya sohasida yaratgan maktabi va amalga oshirgan ilmiy tadqiqot ishlari haqida gapirdi. Ustozning bugungi yoshlar uchun ibrat bo’ladigan hayot yo’li va ilmiy-pedagogik faoliyati tilga olindi.
Shundan so’ng N.Turniyozovning shogirdlaridan Samarqand davlat chet tillar instituti O’zbek tili va kompyuter lingvistikasi kafedrasi mudiri, professor X.Xayrullayev ustozning tilshunos olim, mohir pedagog hamda jonkuyar ustoz sifatidagi hislat-u fazilatlari haqida so’z yuritdi. U kishining Derivatologiya sohasida olib borgan ilmiy ishlarining nafaqat yurtimizda balki xorijiy mamlakatlarda ham muhim ahamiyat kasb etganligini e’tirof etdi.
– Men Ozbekiston davlat universiteti (hozirgi Samarqand davlat universiteti) talabasi edim, – deya xotirlaydi professor Sh.Safarov ustoz bilan tanishgan vaqtlarini. – O’sha davrlarda talabalarni paxta terimiga olib chiqishar edi. Bizni Sirdaryo viloyatiga paxta terimiga olib borishdi. “Norma”ni bajarmagan talabalar “shtabda” muhokama qilinar va tegishli tartibda jazolanardi. Ammo ustoz Ne’mat Turniyozov biror marta bizga og’ir botadigan gap gapirmas, bizni ruhlantirar edi. Tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda torni qo’liga olib qo’shiq kuylardi. Universitetda tashkil etilgan spektakllarda ustozning o’zi Alisher Navoiy, Otello rollarini ijro etardi. Men ustoz Ne’mat Turniyozovni iqtidorli tilshunos olim, qolaversa mohir san’atkor, deb bilaman.
Ilmiy-amaliy anjumanda Farg’ona davlat universitetidan onlayn ishtirok etayotgan filologiya fanlari doktori, professor A.Mamatov o’z ilmiy faoliyati davomida ustozga shogird tushib qator yutuqlarni qo’lga kiritgani haqida so’z yuritdi.
Shundan so’ng anjuman o’z ishini shobalarga bo’lingan holda boshladi. Anjuman ishtirokchlari o’z ma’ruzalarida N.Turniyozovning tilshunoslikning derivatologiya sohasiga qo’shgan hissasi, bu borada yaratgan maktabi, uning soha rivojidagi ahamiyati va bugungi izdoshlari olib borayotgan tadqiqotlari haqida fikr yuritishdi.



.jpg)



SamDCHTI Axborot xizmati
O'zbekcha
English
Русский
Francais
Deutsch
