
Assalomu alaykum, muhtaram ustozlar, hurmatli hamkasblar, qadrli talabalar!
Barchangizni ta’lim va ilm maskanimiz – Samarqand davlat chet tillar instituti tashkil topganining 30 yilligi bilan qutlayman.
Istiqlolimizning ilk mevalaridan bo‘lgan, o‘z davri uchun muhim yangilik hisoblangan mazkur ziyo maskanining aynan Samarqandda tashkil etilishida o‘zgacha ma’no bor. Sababi Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Samarqand qadimdan ilm-ma’rifat beshigi, ma’naviyat va madaniyat o‘chog‘i sifatida jahonda shuhrat qozongan. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, xalqimizning xohish-istaklari ro‘yobga chiqib, o‘zlikka qaytish, dunyoni anglash va jahon sari yuzlanish uchun islohotlar olib borildi. Qadimiy va hamisha navqiron Samarqand ham yana azaliy shuhrat cho‘qqisi sari dadil odimlay boshladi. Shu bois mamlakatimiz istiqboli uchun muhim bo‘lgan yangi ta’lim maskani Samarqandda faoliyatini boshladi.
Mustaqillik yillarining boshlarida xalqaro munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda tarjimonlarga katta ehtiyoj sezilgandi, chet tili fani o‘qituvchilari maktablarda yetishmas edi. Samarqand davlat chet tillar institutining tashkil etilishi ana shu muammolarga munosib yechim bo‘ldi. Qisqa muddatda bu yerda zamon talabiga javob beradigan gid va tarjimonlar yetishib chiqdi. Natijada Samarqandda bo‘ladigan barcha xalqaro anjuman va tadbirlarga chetdan tarjimon taklif qilishga hojat qolmadi. Iqtisodiyotning muhim bo‘g‘ini hisoblangan turizm sohasi institutimizda tayyorlangan kadrlar hisobidan yuksala bordi. Eng muhimi, nafaqat viloyatimiz, balki mamlakatimizdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining xorijiy til va adabiyot fani o‘qituvchilariga bo‘lgan ehtiyojning kattagina qismi Samarqand davlat chet tillar institutidan yetishib chiqqan kadrlar hisobidan qondirilmoqda.
Qadrli do‘stlar!
Bugun Samarqand davlat chet tillar instituti o‘zining muborak o‘ttiz yoshini qarshilamoqda. Jamiyatda, jumladan, oliy ta’lim tizimida sodir bo‘layotgan ulkan islohotlar institut jamoasining salohiyati oshishiga, maskanning moddiy-texnik bazasi rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Yillar mobaynida talabalar soni o‘n karraga ko‘payib, malakali kadrlar safi ham kengaydi, ilmiy salohiyat yuksaldi. Natijada institutimiz o‘zining o‘ttiz yillik yubileyini yangi manzilda, yangi binolarda, ulkan zafarlar va eng muhimi, o‘z kelajagiga bo‘lgan yuksak ishonch bilan kutib olmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev ilgari surgan Yangi O‘zbekistonni bunyod qilish g‘oyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlash, Uchinchi Renessansning yaratilishiga o‘z hissasini qo‘shish institut mehnat jamoasi oldidagi bosh vazifa bo‘lib turibdi. Mo‘tabar dargohimiz ravnaqi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan marhum ustozlarimizning oxiratlari obod bo‘lsin! Hozirda hayot bo‘lgan, biz bilan yelkama-yelka mehnat qilayotgan ustozlarga sihat-salomatlik, uzoq umr tilaymiz. Ularning ibratga loyiq hayotiy va kasbiy faoliyatini yoshlarimizga namuna qilib ko‘rsatamiz.
Hurmatli institutimiz jamoasi!
Hali oldinda bir dunyo orzu-niyatlarimiz, biz zabt etishni maqsad qilgan ulkan marralar turibdi. Buning uchun jamoamizda kuch ham, imkoniyat ham, salohiyat ham yetarli.
So‘zimning nihoyasida barchangizni shu ezgu maqsadlar yo‘lida birlashishga, tashabbuskorlikni qo‘ldan boy bermay faoliyat yuritishga chaqiraman. Barchangizning kelgusi o‘qish va ishlaringizga rivoj, oilangizga totuvlik, xonadoningizga farovonlik tilayman.
Sizlarni yana bir bor Samarqand davlat chet tillar instituti tashkil topganining 30 yilligi bilan muborakbod etaman.
Hurmat bilan,
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Bahodir XOLIQOV
Samarqand shahar. 2024-yil 7-noyabr
O'zbekcha
English
Русский
Francais
Deutsch
