O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.Mirziyoyevning qaror va farmoyishlari asosida oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘zgarishlar to‘g‘risida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U.Majidov Samarqand viloyati oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari bilan uchrashuvida batafsil to‘xtaldi. Shuningdek, Vazir oliy ta’lim tizimi oldidagi quyidagi vazifalarga alohida to‘xtaldi.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, ijtimoiy soha xodimlarini majburiy mehnatga, jumladan metallolom, obodonlashtirish ishlariga jalb qilmaslik, umumxalq hasharlari vaqtida maxsus qaror asosida ish yuritish kabi o‘zgarishlarni sanab o‘tdi. Mazkur masalalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori ham qabul qilingani hamda bu haqda har bir kafedra mudirlari, guruh murabbiylari, bo‘limlar hamda barcha rahbar xodimlarga yetkazilishi, agar shunday holatlar takrorlansa, qat’iy intizomiy jazolar qo‘llanilishi aytib o‘tildi.

Oliy ta’lim muassasalari rektorlari yangi o‘quv yilida harakatlar dasturi asosida o‘zlarining harakat rejalarini ishlab chiqib, unga zamonaviy innovatsiyalar asosida yangiliklarni kiritish va ushbu reja asosida faoliyat olib borishlari aytib o‘tildi. Bundan tashqari oliy ta’lim muassasasi rahbariyati va professor-o‘qituvchilarining mamlakatda amalga oshirilayotgan turli sohalardagi islohotlarni OAVlarda keng yoritish hamda targ‘ib qilish borasidagi ishtiroki ko‘zga tashlanmayotganligi aytib o‘tildi.

Oliy ta’lim muassasasida BMI va MDlarining sifatiga e’tibor qaratish, YADAni o‘tkazishda barcha sharoitlarni yaratish, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik, bitiruvchilarga diplom topshirish tadbirlarini sifatli tashkillashtirish hamda bu sohalarga prorektorlarning shaxsan mas’ulligini belgilash aytib o‘tildi. Keyingi o‘quv yili uchun qabul jarayonini tashkillashtirish, qabul komissiyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yib, imtiyoz asosida qabul qilinuvchilar va ko‘zi ojizlarni qabul qilish faoliyatini takomillashtirish, test o‘tkazishgacha bo‘lgan jarayonga ta’lim muassasasi javobgarligi ta’kidlandi. Bundan tashqari keyingi yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rishda fan dasturlariga yangi adabiyotlarni kiritib borish, samarasiz o‘qituvchilar bilan mehnat shartnomalarini bekor qilish kabi masalalarga to‘xtalib o‘tildi.

Ushbu ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha SamDU rektori R.Xolmurodov, SamMI rektori A.Shamsiev, SamDChTI rektori I.Tuxtasinov va boshqalar so‘zga chiqishib, yuqorida ta’kidlab o‘tilgan har bir masala ta’lim sohasini rivojlantirishdagi dolzarb ahamiyat kasb etishi, davlat rahbari tomonidan qo‘yilayotgan vazifalarni sidqidildan amalga oshirishga har bir rahbar bevosita mas’ul ekanliklarini ta’kidlashdi. Yig‘ilish so‘ngida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan rahbar hodimlarga ko‘rsatmalar berildi.

Share:
2018-05-15 16:45:00 81