O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI

OLIY TAʹLIM MUASSASALARIGA NOGIRONLIGI BO‘LGAN SHAXSLARNI QO‘SHIMCHA DAVLAT GRANTI KVOTALARI ASOSIDA O‘QISHGA QABUL QILISH TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017 yil 1 dekabrdagi PF-5270-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oliy ta’lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha davlat granti kvotalari asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik, idoralar va oliy ta’lim muassasalari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda nogironligi bo‘lgan shaxslar abiturient sifatida hujjat topshirgan oliy ta’lim muassasalarida kirish imtihonlari o‘tkaziladigan va nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘qiydigan bino va auditoriyalarda zarur shart-sharoitlar yaratish choralarini ko‘rsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Abduxakimov va oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018 yil 2 iyun,
417-son

Batafsil o'qish

Share:
2018-07-06 14:20:00 1411