30 avgust kuni institut rektori I.Tuxtasinov va Yaponiyalik mashhur olim, Nagoya universitetining professori, kimyo bo’yicha Nobel mukofoti laureati Ryoji Noyori hamda Yaponiyaning Nagoya universiteti Osiyo satellit kampuslari instituti direktori professor Fumio Isodalar o’rtasida norasmiy uchrashuv bo’lib o’tdi.
Uchrashuvda I.Tuxtasinov Ryoji Noyorining Samarqand shahriga tashrifi bilan qutladi va Samarqand davlat chet tillar instituti, uning faoliyati, institutda yapon tilini o’qitish tizimi hamda Yaponiyaning hamkor universitetlari bilan tanishtirdi. So’nggi yillarda Nogoya universiteti bilan amalga oshirilayotgan loyihalar o’z ijobiy natijasini ko’rsatayotganligini ma’lum qildi.
Nobel mukofoti laureati Ryoji Noyori O’zbekistonda o’tkazgan kunlari unutilmas taassurotlarga boy bo’lgani, Samarqand o’zining go’zalligi, tarixiy obidalari va tarixan boy madaniyatga ega ekanligi bilan xotirasida muhrlanib qolishini alohida ta’kidladi.
Ryoji Noyori O’zbekistonda ilm-fan sohasi, ayniqsa ta’lim sifatini oshirishga juda katta e’tibor qaratilayotganligini, iqtidorli yoshlarning ilm-fan bilan shug’ullanishlariga barcha imkoniyatlar yaratilayotganligini, yurtimiz yoshlarining xorijiy tillarni mukammal egallaganliklari, xorijiy tilllarda va ayniqsa yapon tilida hyech qanday qiyinchiliksiz, ravon so’zlasha olishlarini ijobiy baholadi. Shuningdek, suhbat davomida Ryoji Noyori Samarqand shahrida hamrohlik qilayotgan gid-tarjimon ham Samarqand davlat chet tillar instituti sobiq talabasi ekanligi va yapon tilini juda yuqori darajada egallaganligini e’tirof etdi.
Ma’lumot uchun, kimyo bo’yicha Nobel mukofoti laureati Ryoji Noyori 2001 yilda “Katalitik assimetrik sintez” yo’nalishidagi muvaffaqiyatli ilmiy izlanishlari uchun Nobel mukofotiga sazovor bo’lgan. Uning tadqiqotlari natijasida to’qimalardagi kimyoviy jarayonlarni nazorat qilish imkoni yaratilgan.
O'zbekcha
English
Francais
Deutsch
Spain



