Samarqand davlar chet tillar instituti

Samarqand davlar chet tillar instituti

Samarqand davlar chet tillar instituti

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish masalalari muhokamasi boʼyicha videoselektor yigʼilishi boʼlib oʼtdi.

Davlatimiz rahbari Oʼqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan soha vakillariga yoʼllagan tabrik nutqida taʼkidlaganidek, taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham ilm-fan, taʼlim va tarbiyadir.

Shuning uchun ham, Oʼzbekistonda taʼlim tizimini kompleks rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash maqsadlariga katta kuch va mablagʼlar yoʼnaltirilmoqda. Maktabgacha taʼlim, maktab va oliy taʼlim tizimlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatida sifat oʼzgarishlari roʼy bermoqda.

– Biz ustozni otaday ulugʼ deb bilgan, doimo ardoqlagan maʼrifatparvar xalqning vakillarimiz. Men ham oʼqituvchi, muallim deganda oʼzim uchun eng aziz va hurmatli boʼlgan, ziyoli va zamonaviy, samimiy va mehribon insonlarni tasavvur qilaman. Chunki hammamizga ham shu muallim saboq va taʼlim berib, mehribon ota-onalarimiz qatorida tarbiyalagan, – dedi davlat rahbari yigʼilish avvalida. – Bugungi kunda Oʼzbekistonning yangi taraqqiyot davri poydevorini yaratyapmiz. Bunda bizning eng yaqin koʼmakchilarimiz ustoz va murabbiylar, ilmiy va ijodkor ziyolilardir.

Har bir oila, har bir bola hayoti maktab bilan bogʼlangani, bu masala davlatning, jamiyatning eng muhim ishi ekani taʼkidlandi.

– Hammamiz aziz farzandlarimiz hayoti va taqdirini oʼqituvchi va murabbiylarga ishonib topshiramiz. Mana shunday beqiyos boylik posbonlari, kelajak bunyodkorlari boʼlgan bu moʼtabar zotlarga munosib hurmat-ehtirom koʼrsatishimiz kerak, – dedi Prezident.

Yigʼilishda bugungi modernizatsiya jarayonlari, islohot va oʼzgarishlar natijadorligi maktab taʼlimiga, yangi avlod kadrlarini yetishtirish masalasiga borib taqalayotgani qayd etildi. Shu bois maktab direktorlari va muallimlarga koʼp narsa bogʼliq. Ular qishloq va shaharlarda taʼlim-tarbiya, madaniyat va maʼnaviyat tarqatadigan fidoyi kishilardir. Maktablar nafaqat taʼlim maskani, balki mahallaning madaniy, intellektual markazi boʼlishi zarur.

Maʼlumki, mamlakatimiz taʼlim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish maqsadida Prezident farmoni loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur hujjat regulation.gov.uz portaliga qoʼyilib, barcha hududlarda, mahalliy kengashlarda va maktab jamoalarida ota-onalar ishtirokida keng muhokama qilindi.

Farmon loyihasida taʼlimdagi hozirgi muammolarni hal qiladigan, yaqin besh yilda natijasini koʼrsatadigan va keyingi taraqqiyot darajasini belgilab beradigan maqsadlar qamrab olingan.

Jumladan, jamiyatda muallimning obroʼ-eʼtibori va maqomini koʼtarish, oʼquv dasturlari va metodikasini toʼliq qayta koʼrib chiqish, maktabni taʼlimning keyingi bosqichlari bilan uzviy bogʼlash, oʼqituvchilarni ortiqcha qogʼozbozlikdan xalos etib, oʼz ustida koʼproq ishlashi uchun sharoit yaratish va shuni ragʼbatlantirish, maktab infratuzilmasi va undagi maʼnaviy muhitni yaxshilash kabi masalalarning yechimlari aniq belgilab berilmoqda.

Eng asosiysi, joylardagi rahbarlarning, shuningdek, mahalliy kengashlarning ushbu muhim masalaga yondashuvi va eʼtiborini tubdan oʼzgartirish, ularning masʼuliyati, javobgarligi va hisobdorligi mexanizmlari kiritilmoqda.

Videoselektor yigʼilishida taʼlim sohasidagi muammolar, ularni hal etib, taʼlim sifatini oshirishga oid vazifalar muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari avvalo maktablarda oʼquv yuklamasi va darslar sonini qayta koʼrib chiqish, oʼquvchilarni faqat yodlashga emas, balki fikrlashga chorlaydigan metodika yaratish zarurligini taʼkidladi.

Bu borada Finlyandiya tajribasi misol qilib keltirildi. Ushbu mamlakat umumiy savodxonlik, tabiiy fanlar va matematika boʼyicha dunyoda eng ilgʼorlardan biri.

– Maktabda oʼqitish metodikasi oʼzgarmasa, taʼlim sifati ham, mazmuni ham, muhit ham oʼzgarmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Dunyodagi zamonaviy oʼquv dasturlari, oʼqitish metodikalarini oʼrganib, yurtimiz umumtaʼlim maktablarida joriy qilish muhimligi taʼkidlandi. Xalq taʼlimi vazirligiga ushbu tajriba asosida Milliy oʼquv dasturini ishlab chiqib, 2021/2022 oʼquv yilidan boshlab taʼlim jarayoniga sinov tariqasida tatbiq etish vazifasi qoʼyildi.

Yangi metodikani samarali yoʼlga qoʼyish uchun barcha maktab oʼqituvchilari videoaloqa orqali xorijiy mutaxassislar ishtirokida oʼqitiladi. Eng muhimi, bu jarayonlarga pedagogika yoʼnalishidagi universitet va institutlar ham jalb qilinib, pedagog kadrlar tayyorlash metodikasi ham yangilanadi. Shuningdek, matematika, fizika, kimyo, biologiya va informatika fanlari boʼyicha chet ellardagi ilgʼor darsliklar chuqur oʼrganib chiqiladi.

Maktablarni taʼmirlash, obodonlashtirish, isitish kabi xoʼjalik masalalariga hokimlar shaxsan masʼul ekani eslatib oʼtildi. Shuningdek, oliy oʼquv yurtiga kira olmagan bitiruvchilarni muayyan kasb-hunar yoki tadbirkorlikka jalb etish muhim.

Shu bois kelgusi yildan boshlab 7-sinfdan oʼgʼil-qizlarning kasbga qiziqishlarini aniqlash va bosqichma-bosqich kasbga yoʼnaltirish amaliyoti joriy qilinishi belgilandi. Hududdagi sanoat, qishloq xoʼjaligi va xizmat koʼrsatish korxonalari maktablarga biriktiriladi.

Har bir maktab reytingini hamda shu asosda taʼlim sifati boʼyicha tuman, shahar va viloyatlar reytingini ishlab chiqish zarurligi aytildi. Reyting natijalariga qarab, maktab direktorlari va oʼrinbosarlari, oʼqituvchilar, hokimlar va ularning taʼlim boʼyicha maslahatchilari faoliyatiga baho beriladi.

Reytingda birinchi beshlikka kirgan maktab direktorlariga mahalliy byudjetdan ustama toʼlanadi. Xususan, maktab direktorlari va ularning oʼrinbosarlariga mehnatga haq toʼlash eng kam miqdorining 3 baravaridan 12 baravarigacha ragʼbatlantiruvchi toʼlovlar beriladi. Shu bilan birga, xalq taʼlimi boʼlimi rahbari va metodisti, maktab direktorlari, tuman reytingida birinchi va ikkinchi oʼrinni egallagan maktablarning 2 nafar ilgʼor oʼqituvchisiga kasaba uyushmalari hisobidan har yili sihatgohlarga ikki haftalik bepul yoʼllanma beriladi. Shuningdek, fidoyi pedagoglar boshqa yoʼllar bilan ham ragʼbatlantiriladi.

Yigʼilishda pedagog kadrlar malakasini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Bugungi kunda pedagoglar har 5 yilda, rahbar kadrlar esa har 3 yilda malaka oshirmoqda. Lekin bu toʼla qamrov uchun yetarli emas. Joriy yilda Sirdaryo viloyatida 11 ming nafar maktab oʼqituvchilarining barchasi sinov tariqasida masofaviy malaka oshirish kurslari bilan qamrab olinmoqda.

Kelgusi yili Buxoro, Samarqand, Fargʼona viloyatlari va Toshkent shahrida malaka oshirish boʼyicha masofadan oʼqitish tashkil etiladi. Toshkent davlat pedagogika universiteti pedagog kadrlar malakasini oshirishda respublikada yetakchi oliygoh etib belgilanadi. Аvloniy nomidagi malaka oshirish instituti esa taʼlim muammolarini chuqur oʼrganadigan ilmiy-tadqiqot dargohi boʼladi.

Oʼqituvchilar toifasini belgilash tartibini ham tubdan qayta koʼrib chiqish lozimligi taʼkidlandi.

Bugungi kunda xalq taʼlimi tizimida mehnat qilayotgan 490 mingdan ziyod pedagoglarning 4 foizi oliy, 15 foizi birinchi toifaga ega. 4 bosqichdan iborat amaldagi attestatsiya tizimida qogʼozbozlik hanuzgacha saqlanib qolgan.

Shu bois mutasaddilarga toifa berish tartibini soddalashtirish, pedagoglar bilimini yil davomida baholash imkonini beruvchi 2 bosqichli tizimga oʼtish boʼyicha koʼrsatma berildi.

Yana bir muammo – taʼlim sifati pastligi, moddiy-texnika bazasi yetarli boʼlmagani sababli ayrim maktablar toʼliq quvvatda ishlamayapti. Masalan, Toshkent shahridagi 32 ta maktabda oʼquvchilarni qamrab olish darajasi past.

Mamlakatimizda xususiy taʼlim muassasalariga keng sharoit yaratilayotgani bois kelgusi yildan eksperiment tariqasida kam quvvatda ishlayotgan maktablarni tanlov asosida salohiyatli talabgorlarga ishonchli boshqaruvga berish taklifi bildirildi.

Maktablarda zamonaviy boshqaruvni joriy qilish masalalariga ham toʼxtalib oʼtildi. Endi maktab direktorlarini lavozimga tayinlash bevosita mahalliy kengashlar bilan kelishilgan holda, tanlov asosida amalga oshiriladi. Har bir nomzod maktabning koʼrsatkichlarini kelgusi 3 yilda yuqori darajaga olib chiqish boʼyicha oʼz dasturi bilan tanlovda ishtirok etadi va har yili kengashlar oldida hisobot beradi.

Bundan asosiy maqsad – maktablarning samarali faoliyatini tashkil etish, direktorlar ishiga noqonuniy aralashuvlar va kadrlar qoʼnimsizligiga barham berish.

Maktablar bilim bilan birga tarbiya, maʼnaviyat maskani hamdir. Davlatimiz rahbari bu ishlarga hududlarda yashab, ijod qilayotgan shoir va yozuvchilarni keng jalb qilish, maktablarning direktor jamgʼarmasidan va mahalliy byudjet mablagʼlaridan ularga oylik maosh toʼlash lozimligini taʼkidladi.

Oliy taʼlim sohasida sogʼlom raqobat muhitini shakllantirish va qamrovni oshirish, har bir hududda kamida bittadan nodavlat oliy bilim yurti tashkil qilish muhimligi qayd etildi.

– Bugun koʼrib chiqilgan masalalar hammadan, maktab direktoridan boshlab Bosh vazirgacha boʼlgan barcha boʼgʼindagi rahbarlardan yuksak masʼuliyat va yuqori darajadagi javobgarlikni talab qiladi. Bu – yillar davomida koʼrinmaydigan, ammo natijasi yaqin 10-15 yilda butun mamlakat qiyofasini tubdan oʼzgartirishga asos boʼladigan qudratli manba, – dedi Prezident.

Parlament vakillari, shuningdek, joylardagi mahalliy kengash deputatlaridan taʼlim tizimidagi oʼzgarishlarni xalqimizga yetkazib, daxldorlik hissini oshirish, farmon qabul qilingach, ijrosini nazoratga olish, oʼz tajribalari bilan amaliy yordam berish soʼraldi.

Yigʼilishida hokimlar, oliy taʼlim muassasalari rektorlari, maktab direktorlari, pedagoglar taʼlim-tarbiya sifatini oshirishga oid fikr-mulohazalarini bildirdi.

Share:
2020-10-31 11:05:00 106