Samarqand davlat chet tillar institutida 2020-yil 6-noyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay xorijiy tillar universiteti bilan videokonferensiya tarzidagi onlayn hamkorlik uchrashuvi bo’lib o’tdi. Unda Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay Xorijiy tillar universiteti vitseprezidenti Sza Minzyan, SamDCHTI rektori I.M.Tuxtasinov, Shanxay xorijiy tillar universitetining Rossiya va Yevroosiyo tadqiqotlari maktabining kengashi raisi Yao Jen, SamDCHTI ilmiy ishlar va innovatsiya bo’yicha prorektori SH.Ashurov, Shanxay xorijiy tillar universiteti qoshidagi Konfutsiy instituti direktori Chjan Syuyme, Shanxay xorijiy tillar universiteti qoshidagi Konfutsiy instituti direktori oʼrinbosari Lyu Tao, SamDCHTI qoshidagi Konfutsiy institutining (Oʼzbekiston tomonidan) direktori SH.Safarov, SamDCHTI qoshidagi Konfutsiy institutining (Xitoy tomonidan) direktori Szan In, SamDCHTI xalqaro hamkorlik boʼlimi boshligʼi B.Berdialiyev, SamDCHTI qoshidagi Konfutsiy instituti oʼqituvchisi Li Chensyuylar ishtirok etishdi.
Videokonferensiyada ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari oʼrtasidagi oʼzaro hamkorlikning muhimligi xususida fikr almashinildi va kelajakda hamkorliklarni yanada kengaytirish uchun takliflar bildirildi. Maʼlumki, Xitoy Xalq Respublikasi Oʼzbekiston Respublikasining mintaqadagi muhim iqtisodiy sheriklaridan biridir. Soʼnggi yillarda Oʼzbekiston Xitoy bilan har tomonlama aloqalarni rivojlantirmoqda. Ikki mamlakat oʼrtasidagi hamkorlik barcha sohalarda rivojlanib bormoqda.
Xalqaro xitoy tili taʼlimi jamgʼarmasi va Shanxay xorijiy tillar universiteti Samarqand davlat chet tillar institutining asosiy hamkorlaridan biridir. SamDCHTI qoshidagi Konfutsiy instituti nafaqat mamlakatimizda xitoy tilini rivojlantirishda, balki mamlakatlarimiz oʼrtasidagi gumanitar hamkorlik almashinuv dasturlarini kengaytirishda va Oʼzbekiston hamda Xitoy xalqlari oʼrtasidagi doʼstlik aloqalarini mustahkamlashda beqiyos rol oʼynaydi. Hozirgi kunda Shanxay xorijiy tillar universiteti va Samarqand davlat chet tillar instituti oʼrtasida qoʼshma taʼlim dasturi joriy etilgan va yoʼlga qoʼyilgan.
Videokonferensiyada Xitoy xalqaro taʼlim jamgʼarmasi va Til taʼlimi boʼyicha hamkorlik markazining tashkil etilishi xususida fikr hamda mulohazalar almashinildi. Shanxay xorijiy tillar universiteti va Samarqand davlat chet tillar instituti oʼrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Samarqand davlat chet tillar institutida Shanxay xorijiy tillar universitetining dasturlarini amalga oshirish markazini ochish borasida takliflar bildirildi.
SamDCHTI Axborot xizmati
O'zbekcha
English
Francais
Deutsch
Spain






