Bugun, 13-fevral kuni Samarqand davlat chet tillar institutida Zahiriddin Muhammad Bobur tavulludining 538 yilligi munosabati bilan “Bobur kabi seving vatanni” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir Roman-german tillari fakulteti “Fransuz tili va adabiyoti” kafedrasi tashabbusida tashkil etildi.
— “Bobur asarlari dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilinishi tahsinga sazovor. Ingliz tilida Bobur hayoti va ijodini o‘rganish uchun talaygina maxsus monografiyalar yaratildi. Len Poolning “Bobur” va Xarold Lembning “Bobur yo‘lbars” nomli kitoblari shular jumlasidandir, – deydi institut rektori Ilxomjon Tuxtasinov tadbirni ochib berishdagi kirish so‘zida. — Xarold Lemb Boburning adabiy merosidan ko‘proq “Boburnoma”ga murojaat etib, undan talay parchalar tarjimasini ham keltiradi. Sharq xalqlari tarixi bilan shug‘ullangan ingliz va amerikalik olimlar esa Boburning shaxsiy qobiliyati va faoliyatiga yuqori baho berib, uni qadimgi Rim sarkardasi Yuliy Sezar bilan qiyoslaydilar”.
Shuningdek, tadbir davomida faol hamda iqtidorli talabalar tomindan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, qo‘shiq hamda milliy raqslar ijro etildi, jumladan, Bobur g‘azallari va ruboiylari turli tillarda ijro etildi. Tadbirda faol ishtirok etganlar faxriy yorliq va esdalik sovg‘alar hamda kitoblar bilan taqdirlanishdi.
SamDCHTI Axborot xizmati
O'zbekcha
English
Francais
Deutsch
Spain














