Joriy yilning 17-may kuni Samarqand davlat chet tillar institutining faollar zalida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida 6-may kuni bo’lib o’tgan “Chet tillarini o’qitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi videoselektor yig’ilishining mazmun-mohiyatiga qaratilgan yig’ilish bo’lib o’tdi.
Dastavval institut rektori Ilxomjon Tuxtasinov ta’lim tizimi, xususan, oliy ta’lim tizimida chet tillarini o’rganish va o’rgatish borasida kutilayotgan o’zgarishlar xususida ma’lumot berib o’tdi.
Unga ko’ra, 2021/2022 o’quv yilidan boshlab har bir viloyatda bittadan universitet chet tillari bo’yicha tayanch oliygoh sifatida belgilanishi, viloyatimizda esa xuddi shunday tayanch oliygoh Samarqand davlat chet tillar instituti etib belgilanishi ko’zda tutilgan.
“Xalqaro sertifikatning dastlabki va o‘rta darajasini olgan o‘qituvchilarning oylik maoshiga 40 foiz, yuqori natija ko‘rsatganlarga 50 foiz ustama belgilanishi, yuqori ball olgan o‘qituvchilarga xalqaro sertifikat olish uchun test topshirish xarajatlari qoplab berilishi hamda kelgusi yildan boshlab ishga qabul qilinayotgan chet tili o‘qituvchilariga milliy va xalqaro sertifikatga ega bo‘lish talabi kiritiladi”, deydi institut rektori Ilxomjon Tuxtasinov. "Ta’lim tizimi, xususan, oliy ta’lim tizimida yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, maktablardagi vakant o‘rinlarni malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish vazifasi qo‘yildi. Bu ham, albatta, bizning zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi”.
Bundan tashqari, viloyat hokimliklariga maktablarda chet tilini o‘qitish sifatini oshirish uchun mahalliy budjetdan har bir tuman va shaharga 1 milliard so‘mdan mablag‘ ajratishga ko‘rsatma berilgan.
O‘qitish sifati xalqaro andozalarga mos darslik va metodik qo‘llanmalarga ham bog‘liq. Shu bois, ingliz tili bo‘yicha Kembrij universiteti nashriyoti darsliklarini 200 ta maktabda aprobatsiyadan o‘tkazib, keyingi yildan barcha maktablarda tatbiq etish vazifasi qo‘yildi. Bunday ishlar rus, nemis, koreys, xitoy va fransuz tillari bo‘yicha ham tashkil etish ko’zda tutilgan.
Videoselektor yig‘ilishining mazmun-mohiyati xususida yig’ilish ishtirokchilari o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Institutda tashkil qilingan yig’ilish davomida qabul qilingan hujjatlar ijrosining ahvoli, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining hay’ati qarorlari ijrosi, to‘lov-shartnoma pullarining to‘lanishi, maktablar bilan ishlash jarayonining borishi hamda biriktirilgan mahalla fuqarolar yig’inlari yoshlarining bandligi va ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
SamDCHTI Axborot xizmati
O'zbekcha
English
Francais
Deutsch
Spain






