Joriy yilning 3-oktabr kuni institutga AQSH elchixonasi Madaniy aloqalar bo‘limi boshlig‘i Kristen Michener, elchixona xodimi Umida Boltayevalar tashrif buyurib, institut rahbariyati va jamoasi hamda talabalariga 2018-2019 o‘quv yili davomida institutda faoliyat olib borish uchun tavsiya etilgan ingliz tili mutaxassisi Peter Barsumni tanishtirishdi.

Rasmiy uchrashuvda institut va AQSH elchixonasi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, ingliz tili o‘qitishni takomillashtirishda hamkorlik o‘rnatish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirishda amerikalik mutaxassislardan, shuningdek, Amerika Davlat Departamenti tomonidan taklif etilayotgan grantlar va loyihalardan foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvdan so‘ng elchixona xodimlari Ingliz tili fakulteti jamoasi bilan ham uchrashib, institut o‘quv jarayoniga jalb qilingan amerikalik mutaxasisning kelgusidagi rejalari borasida fikr almashishdi.

Kunning ikkinchi yarmida institut professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun AQSH ta’lim tizimi va Xalqaro ta’lim grantlari haqida taqdimot bo‘lib o‘tdi. Taqdimotda professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga to‘liq javob olishdi.

Share:
2018-10-04 16:45:00 83