Samarqand davlat chet tillar instituti rektori I.M.Tuxtasinov 2019-yil 24-oktabr kuni institut professor-o‘qituvchilari hamda yuqori bosqich talabalari o‘rtasida “Korrupsiyaga qarshi kurash – bugunning dolzarb talabi” mavzusida suhbat o‘tkazdi.
— “Korrupsiya dunyo miqiyosida hal etilishi lozim bo‘lgan global muammolardan biridir. Ushbu illat har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi, inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib keladi. Jumladan, oliy ta’lim muassalarini bitirib, kasbiy faoliyat boshlash ostonasida turgan yoshlarga korrupsiyaning nechog‘li xavfli illat ekani haqida ma’lumotlar berish foydadan xoli bo‘lmaydi, albatta. Negaki, bugungi kun bitiruvchisi ertangi mutaxassis, jamiyat va davlat boshqaruvining ishtirokchisidir” – deydi institut rektori I.M.Tuxtasinov.
Shuningdek, Prezidentimizning 2019-yil 8-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmonining mazmun mohiyatini batafsil tushuntirib o‘tdi:
— “Konsepsiyada korrupsiyaga qarshi kurashish va shaffoflikni ta’minlashning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha alohida e’tibor qaratilgan: oliy ta’lim sohasida “korrupsiyasiz soha”; professor-o‘qituvchilar bilan talabalar o‘rtasidagi byurokratik omillarni bartaraf etish; malaka oshirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini tayyorlash va amaliyotga tatbiq etish, nazorat-monitoring, xodimlarni ishga qabul qilish va lavozimga tayinlash, oliy ta’lim muassasalari faoliyatini o‘rganish va tizimdagi boshqa jarayonlarda shaffoflikni ta’minlash; professor-o‘qituvchilarning o‘quv yuklamalarini optimallashtirish, kasbiy faoliyatga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish asosida oliy ta’lim tizimi xodimlarining mehnat unumdorligini oshirishdek mexanizmlar belgilab berilgan.
— Bundan tashqari, institutimizda siz, yoshlarning bo‘sh vaqtlaringizni mazmunli o‘tkazishingiz uchun muhtaram Prezidentimizning besh muhim tashabbusi asosida quyidagilar joriy etilgan:
Jumladan, birinchi tashabbus asosida musiqa va san’at xonasi tashkil etildi. Ikkinchi tashabbusga asosan talaba-yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasidagi qobiliyatlarini namoyon qilishlari uchun sport xonasi hamda fitnes klub, uchinchi tashabbus yuzasidan internet tarmog‘iga ulangan zamonaviy kompyuter xonalari, to‘rtinchi tashabbus asosida talaba-yoshlarning ma’naviyatini yuksaltirish va kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida kutubxonalar, beshinchi tashabbus asosida xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash hamda ularga hunarmandchilik o‘rgatish maqsadida tikuvchilik xonalari tashkil etildi. Bunday imkoniyatlardan mazmunli foydalaningizlar”, deya o‘z takliflarini bildirib o‘tdi I.Tuxtasinov.
SamDCHTI matbuot xizmati
O'zbekcha
English
Francais
Deutsch
Spain













