Samarqand viloyatida ta’lim sifati tahlil qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamkorligida tuzilgan ishchi guruhlari tomonidan Samarqand viloyatidagi oliy o’quv yurtlari hamda xalq ta’limi muassasalarida bir qator o’rganishlar olib borildi.

Mazkur o’rganishlar tahliliga bag’ishlangan yig’ilishda oliy ta’lim muassasalari rektorlari, viloyat kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish, xalq ta’limi hamda maktabgacha ta’lim boshqarmalari mutasaddilari, tuman xalq ta’limi bo’limlari boshliqlari hamda tayanch maktablari direktorlari ishtirok etishdi.

Qayd etildiki, oliy o’quv yurtlarida faoliyat ko'rsatib kelayotgan professor-o’qituvchilarning ayrimlari hanuzgacha ta’lim tizimidagi bugungi talablarni tushunib yetgani yo’q. O’z ustida ishlamaydi, kredit-modul tizimining ahamiyatini anglamaydi.

Oliy va o’rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov so’zga chiqib, mavjud muammolarni keltirib chiqaruvchi omillar, ularning yechimi xususida so’z yuritdi. Ta’lim sifatini yaxshilash yuzasidan belgilangan vazifalar, kelgusida amalga oshirilishi ko’zda tutilgan rejalarga e’tibor qaratdi.

Vatan taraqqiyoti, xalq farovonligi, millat kelajagi ustoz-murabbiylarning o’z vazifalariga nechog’lik mas’uliyat bilan yondashishlariga bog’lik ekanligi, ta’lim tizimida yuzaga kelgan muammolarga yechim topishda oliy va xalq ta’limi muassasalari o’rtasidagi hamkorlik muhim o’rin tutishi ta’kidlandi. Buning uchun, avvalo, tizimda raqobat muhitini shakllantirish lozimligi qayd etildi.

Yig’ilishda ko’rsatib o’tilgan muammolar yechimiga doir taklif va tavsiyalar o’rtaga tashlandi. Aniq vazifalar belgilandi. Mavjud xato va kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish  yuzasidan mas’ullarga zarur ko’rsatmalar berildi.

Share:
2022-03-17 15:04:34 143