
Dunyodagi jamiki musulmon ummati uchun moʻtabar va qadrli bo‘lgan shu saodatli, ulug‘ ayyomda siz, azizlarni, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlar, butun xalqimizni Ramazon Hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Muqaddas dinimizning ezgulik va insonparvarlik, mehr-shafqat kabi buyuk fazilatlari yanada yorqin namoyon bo‘ladigan ushbu shukuhli damlarda barchamiz, avvalo, Alloh taologa oilamiz, el-u yurtimiz bilan birgalikda bugungi qutlug‘ va barokatli kunlarga yetkazgani uchun behisob shukronalar aytamiz.
Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan qabul qilingan PF-213-sonli qarorida joriy yilning 10-aprel Ramazon Hayiti kuni, 11-aprel, payshanba – barcha uchun qo‘shimcha dam olish kuni, 12-aprel, juma – 6 kunliklarga qo‘shimcha dam olish kuni, 5 kunliklarga 13-aprel, shanbadan ko‘chirilgan dam olish kuni etib belgilandi.
Aziz yurtdoshlar, muqaddas Ramazon Hayiti bayrami munosabati bilan Sizlarga sog‘lik-salomatlik, oilangizga tinchlik-totuvlik tilayman. Ushbu muqaddas kunda barcha ezgu amallaringiz, xayrli va saxovatli ishlaringiz ijobat bo‘lsin. Xonadoningizdan fayz, dasturxoningizdan baraka arimasin. El-yurt ravnaqi, kelajak avlod tarbiyasi yo‘lida fidokorona faoliyatingizga omadlar yor bo‘lsin!
Kelgusi yil barchamizni muqaddas Ramazon oyida shod-u xurramlikda uchrashtirishni Yaratgan nasib aylasin. Azizlar, barchangizga Ramazon Hayiti bayrami muborak bo'lsin! O‘zingiz, oilangiz va do‘stlaringizni asrang!
Fazliddin Ro‘ziqulov,
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori v.v.b.
O'zbekcha
English
Русский
Francais
Deutsch
