Joriy yilning 27-oktabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Juqorgʻi Kengesi hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo’lib o’tadi.

Mazkur saylovlarni demokratik tamoyillar asosida oʻtishini kuzatish maqsadida mamlakatimizga, jumladan, viloyatimizga xalqaro tashkilotlar, siyosiy institutlar, qoʻshni va xorijiy davlatlardan kuzatuvchi va ommaviy axborot vositalari xodimlari tashrif buyurishadi. Ularga gid-tarjimon sifatida xizmat koʻrsatish uchun Samarqand davlat chet tillar instituti professor-oʻqituvchilari va talabalardan iborat tarjimonlar uchun seminar tashkil etildi.

Tadbirda soʻzga chiqqan SamDCHTI rektori B.Xoliqov, Oliy taʻlim fan va innovatsiyalar vazirligi Attestatsiya va akkreditatsiya boʻlimi bosh mutaxassisi I.Abdurasulov, Oliy talim, fan va innovatsiyalar vazirligi Samarqand viloyat boshqarmasi mutaxassisi I.Joʻliyev va boshqalar siyosiy tadbirni demokratik va shaffof oʻtkazishda OAV va xalqaro kuzatuvchilarning tutgan oʻrni va ularga hamrohlik qiladigan institutdan biriktirilgan gid-tarjimonlarga yuklatilgan vazifalar haqida gapirishdi. 

Xalqaro kuzatuvchilar bilan ishlash guruhida tarjimon sifatida 9 ta til kesimida jami 58 nafar asosiy va 151 nafar zaxira mutaxassislar tanlab olindi. Mazkur 209 nafar gid-tarjimonning 155 nafari professor-o‘qituvchi, 16 nafari magistrant va 38 nafari yuqori bosqichda tahsil olayotgan iqtidorli talabalardan iborat ekanligi aytib oʻtildi.

Shundan soʻng hududiy saylov trenerlari: SamDCHTI oʻqituvchisi I.Hamdamov va Samarqand Turizm va madaniy meros texnikumi oʻqituvchisi G.Zaripovalar seminar qatnashchilariga saylov, undan koʻzlangan maqsad va vazifalar, saylovni oʻtkazish tartibi, Saylov kodeksida belgilangan vazifalar borasida tegishli tartibda ma’lumot berishdi.

Seminar qatnashchilari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

SamDCHTI Axborot xizmati

Share:
2024-10-15 18:12:58 150