Samarqand davlat chet tillar instituti talabalarining 2020-yil 16-martdan ta’tilga chiqarilishi munosabati bilan ularni bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, o‘quv-rejalardagi fanlarning dasturlarini mustaqil o‘zlashtirish, institut professor-o‘qituvchilari bilan muntazam aloqada bo‘lib turish, xorijiy tillar bo‘yicha 4 ta (“O‘qib tushunish”, “Tinglab tushunish”, “Yozish” va “Gapirish”) til ko‘nikmalarini muntazam rivojlantirib borish hamda o‘zbek va tili o‘rganilayotgan mamlakatlar adabiyotining yirik namoyondalarining o‘lmas asarlarini o‘qish va tahlil qilish orqali talabalarning dunyoqarashini yanada kengaytirish maqsadida institutda masofaviy (onlayn) kurslar tashkil etildi.
Buning uchun institut serveriga o‘rnatilgan “MOODLE” elektron ta’lim platformasi hamda telegram ijtimoiy tarmog‘idan unumli foydalanilmoqda.
Modulga kirish: https://moodle.samdchti.uz/
Institutdagi 15 ta mutaxassislik va 5 ta ijtimoiy fanlar, jami 20 ta kafedra professor-o‘qituvchilari ta’til vaqtida soha va hududdagi mavjud muammolar echimiga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlari ustida ishlash, tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etish, onlayn so‘rovnomalar o‘tkazish bilan qatorda talabalarning mustaqil ta’lim olishlari va o‘z vaqtida o‘quv dasturlarini o‘zlashtirishlarida yaqindan amaliy yordam berib kelmoqda. Buning uchun masofaviy (onlayn) ta’lim olish bo‘yicha matritsa ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda. (Matritsa pastdagi rasmda)
Institut bo‘yicha “MOODLE” elektron ta’lim platformasida 113 ta fandan hamda telegram ijtimoiy tarmog‘ida esa 68 ta fandan, jami 181 ta fan bo‘yicha masofaviy kurslar tashkil etildi. Har bir kurs bo‘yicha tegishli professor-o‘qituvchilar tomonidan doimiy ravishda o‘quv materillari, topshiriq va mashqlar elektron platformaga joylashtirilib, talabalarning hafta davomidagi faolligi va o‘quv dasturini o‘zlashtirishi onlayn tarzda monitoring qilib borilmoqda.
Shu bilan birgalikda professor-o‘qituvchilarning talabalar bilan onlayn muloqotini tashkil etish, texnologiyaning virtual va vizual imkoniyatlaridan samarali foydalanish, talabalarga sifatli ta’lim berish maqsadida videodarslar tashkil etish ham yo‘lga qo‘yildi. Mazkur videodarslar institutning ko‘p yillik ilmiy-pedagogik tajribaga ega, yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida malaka oshirgan, stajirovka o‘tagan, eng so‘nggi fan yutuqlaridan xabardor professor-o‘qituvchi, mutaxassis va olimlar tomonidan olib boriladi. Yozib olingan videodarslar ta’lim jarayonlarida bevosita foydalaniladi, shuningdek, institut veb sahifasiga, ijtimoiy tarmoqlarga (telegram, facebook, you-tube) muntazam joylashtirib boriladi va kelajakda ma’lum ma’noda media mahsulotlar salmog‘i oshgandan so‘ng institutda mediamarkaz tashkil etiladi.
SamDCHTI matbuot xizmati
O'zbekcha
English
Русский
Francais
Spain


