Samarqand viloyatining 16 ta tuman va shahrida 1255 ta maktab mavjud. Unda 5337 nafar o‘qituvchilar xorijiy (ingliz, nemis va fransuz) tillar bo‘yicha faoliyat olib boradi. Samarqand davlat chet tillar instituti ushbu o’qituvchilarning malakasini, metodik mahoratini oshirish borasida hamkorlik qiladi. Jumladan, maktablarda yangi o‘qitish metodikalarini yaratish yuzasidan institut bazasida pedagogik ta’lim XABi hamda elektron o‘qitish va baholash platformasi tashkil etilishi ko’zda tutilgan.
Bu borada tajribali professor-o‘qituvchilar tarkibidan metodist-trenerlarni shakllantirish, har bir tuman va shahar maktablaridagi malakali o‘qituvchilar orasidan trenerlarni aniqlash va ularni o‘qitish, kaskad usulida boshqa o‘qituvchilarning malakasini oshirish va doimiy baholab borish rejalashtirilmoqda.
Samarqand davlat chet tillar instituti Nurobod tumanidagi 10 ta umumiy o’rta ta’lim maktablari bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini yo’lga qo’yadi va ushbu maktablarning pedagogik salohiyatini oshirishga yaqindan ko‘maklashadi.
Institut rahbar xodimlari yuqoridagi masalalar yuzasidan Nurobod tumaniga tashrif buyurishdi. Tumandagi institutga biriktirilgan bir nechta maktablarning faoliyati bilan tanishishdi, maktablar ma’muriyati bilan uchrashib, amalga oshiriladigan ishlar to’g’risida kelishib olishdi.
Shuningdek, tashrif davomida tuman hokimligi mutasaddilari bilan yo’lga qo’yilgan hamkorlik yuzasidan uchrashishdi. Jumladan, uchrashuv doirasida nurobodlik oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari ishtirokida tadbir tashkil etildi. Tadbirda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash, ularning bandligiga ko’maklashish borasida mutasaddilar tomonidan bir qancha takliflar bildirildi.
SamDCHTI Axborot xizmati
O'zbekcha
English
Русский
Francais
Spain





