Bugun Samarqand davlat chet tillar institutining navbatdagi Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda quyidagi masalalar ko‘rib chiqildi:

Institut rektori Ilxomjon Tuxtasinov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Hay’at yig‘ilishi qarorlari va buyruqlari hamda institut Kengashi qarorlarining bajarilishi, shu asosida institut bajarishi lozim bo‘lgan vazifalar xususida nutq so‘zladi.

Rektor o‘z nutqida hujjatlar ijrosi, institutda amalga oshirilgan ishlar hamda “Yangi O‘zbekistonyangicha dunyoqarash” shiori ostida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, targ‘ibot-tashviqot ishlari o‘tkazilayotganligi haqida alohida ta’kidlab o‘tdi.

Shundan so‘ng institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Fazliddin Ro‘ziqulov so‘zga chiqib, umumta’lim maktablari va institut akademik litseyi bilan hamkorlik tadbirlarining bajarilishi, institutda kadrlar tayyorlash sifati va o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash borasidagi ishlar hamda Ingliz tili nazariy aspektlari kafedrasi o‘qituvchilari N. Suleymanova, L. Abdullaeva va A. Idievlar tomonidan tayyorlangan «Bahasa Indonesia. Introduction to the language and culture” (Indonez tili. Indonez tili va madaniyatiga kirish) nomli darslikni nashrga tavsiya etish kabi masalalarga to‘xtalib o‘tdi.

Bundan tashqari, institutda fuqarolar murojaatlari bilan ishlashning ahvoli to‘g‘risida Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor Otabek G‘aybullaev, institut tizimidagi beg‘araz yordam, texnik hamkorlik va grant mablag‘larini jalb qilish, ushbu toifadagi loyihalarni nazorat qilish va monitoringini olib borish haqida ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor  Shaxobiddin Ashurovlar o‘z fikrlarini bildirishdi.

Shuningdek, Kengash yig‘ilishida magistrlik dissertatsiyalari mavzulari va maslahatchilarini tasdiqlash, Ingliz tili nazariy aspektlari kafedrasi dotsenti v.b. N. Suleymanova, tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi dotsenti v.b. N. Turdieva, ispan va italyan tillari kafedrasi mudiri v.b. A. Shomahmudova va tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi dotsenti v.b F. Xalimovalarning hujjatlarini OAKga taqdim etish, Ingliz filologiyasi kafedrasi katta o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) R. Asadov va o‘qituvchi G. Asadovalar tomonidan tayyorlangan “Matn lingvistikasi” nomli o‘quv qo‘llanmani nashrga tavsiya etish kabi har xil masalalar muhokama qilindi.

E’tiborli jihati shundaki, institut rektori Ilxomjon Tuxtasinov  ilmiy unvon sohibi bo‘lganlarni samimiy qutlab, ilmiy darajaga ega bo‘lgan bir qator professor-o‘qituvchilarni noutbuk va guldastalar bilan muborakbod etdi.

Kun tartibiga qo‘yilgan masalalar atroflicha muhokama qilinib, qizg‘in bahs-munozaralarga aylandi.

 

Samarqand davlar chet tillar instituti

Samarqand davlar chet tillar instituti

SamDCHTI Axborot xizmati

Share:
2020-11-26 14:35:00 103