Samarqand davlar chet tillar instituti

«O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirishni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Prezident qarori imzolandi

Qaror bilan, Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tuzildi.

Agentlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy vakillari lavozimlari joriy etilmoqda.

Agentlikning asosiy vazifalari quyidagilar bo‘ladi:

aholi orasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish
va ularni mukammal o‘zlashtirish uchun zarur sharoitlar yaratish, xorijiy tillarni o‘qitishning xalqaro tan olingan dastur va darsliklari ta'limning barcha bosqichlarida joriy etilishini muvofiqlashtirish hamda o‘qituvchilarda zamonaviy o‘qitish ko‘nikmalarini rivojlantirish;

hududlar, tarmoqlar va ta'lim muassasalarining xorijiy tillarni o‘zlashtirgan mutaxassislarga ehtiyojlarini tahlil qilish natijalari asosida talab yuqori bo‘lgan xorijiy tillarni o‘qitishni tashkillashtirish;

xorijiy tillarni o‘qitish sohasida «bog‘cha-maktab-oliy ta'lim tashkiloti-korxona» tamoyilidagi uzluksiz ta'lim zanjirini joriy etish maqsadida aholining barcha qatlamlariga mos bo‘lgan tilni o‘rganish bo‘yicha uslubiyot va tavsiyalarni ishlab chiqishni muvofiqlashtirish;

xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirish, tilning asosiy ko‘nikmalarini shakllantirish uchun videorolik, o‘yin, ko‘ngilochar ko‘rsatuv, filmlar va boshqa o‘rgatuvchi kontent yaratilishini tashkil etish;

davlat tilidan xorijiy tillarga va xorijiy tillardan davlat tiliga professional tarjima qilish uslubiyotlarini yaratish hamda ushbu yo‘nalishda mutaxassislarning malakasini oshirishda ko‘maklashish;

hududlar, tarmoqlar, davlat organlari va ta'lim tashkilotlari kesimida xorijiy tillarni bilish reytingini yuritish, xorijiy tillarni o‘rganishni yanada ommalashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.

Agentlik direktori va uning o‘rinbosarlari Vazirlar Mahkamasi qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;

Agentlik xodimlari mehnatga haq to‘lash, rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish sharoitlari bo‘yicha Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi markaziy apparati xodimlariga tenglashtiriladi.

Agentlik boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 73 nafar, shu jumladan markaziy apparatida 31 nafar va agentlikning hududiy vakilliklarida 42 nafarni tashkil etadi.

Agentlik va uning vakillari O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti huzuridagi Chet tillarini o‘qitishning innovatsiyaviy metodikalarini rivojlantirish respublika ilmiy-amaliy markazining 34 ta shtat birligi, Xalq ta'limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tizimining 39 ta shtat birligi hisobidan tashkil etiladi.

C1 DАRАJАDАGI SERTIFIKАTGА EGА XORIJIY TILLАR OʼQITUVCHILАRIGА HАR OYLIK 50 FOIZ MIQDORIDА QOʼSHIMCHА USTАMА HАQI TOʼLАNАDI

Qarorga koʼra 2021/2022 oʼquv yilidan boshlab:

taʼlim muassasalarining kamida C1 darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega xorijiy tillar oʼqituvchilariga ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 50 foiz miqdorida qoʼshimcha ustama haqi toʼlab boriladi;

Аkademik litsey va professional taʼlim muassasalari oʼqituvchilarining kamida C1 darajadagi sertifikatni olish uchun imtihon topshirish bilan bogʼliq xarajatlari Davlat byudjetidan, davlat OTM oʼqituvchilarining xarajatlari esa OTMning oʼz mablagʼlari hisobidan qoplanadi;

Аkademik litsey va professional taʼlim muassasalarining kamida C1 darajadagi sertifikatga ega xorijiy tillar oʼqituvchilari attestatsiya jarayonida malaka sinovi uchun maksimal ball bilan baholanib, xorijiy til moduli boʼyicha sinovdan ozod etiladi;

Аkademik litsey va professional taʼlim muassasalarida xorijiy tilda mutaxassislik fanlaridan dars beradigan B2 va undan yuqori darajadagi sertifikatga ega oʼqituvchilarga qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan ustamalar tatbiq etiladi;

Аkademik litsey va professional taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan barcha xorijiy tillar oʼqituvchilariga Davlat byudjetidan zamonaviy adabiyot, darslik va oʼquv qoʼllanmalarini sotib olishi uchun 1 mln soʼmdan mablagʼlar ajratiladi.

Ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun 2021-yilda qoʼshimcha 100 mlrd soʼmgacha mablagʼ Davlat byudjetidan ajratiladi hamda 2022-yildan boshlab tegishli mablagʼlar Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutib boriladi.

2021/2022 O‘QUV YILIDA XORIJIY TILLARNI O‘QITISHGA IXTISOSLASHTIRILGAN OLIY TA’LIM MUASSASALARIDA QABUL PARAMETRLARI (KVOTA) VA DAVLAT GRANTI OSHIRILADI

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab OTMning magistratura mutaxassisliklariga hamda oliy ta’limdan keyingi ta’lim (PhD, DcS) ixtisosliklariga tanlovlarda milliy yoki xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etishi tartibi joriy etiladi.

Qarorga ko‘ra:

2021/2022 o‘quv yilida xorijiy tillarni o‘qitishga ixtisoslashtirilgan OTMda qabul parametrlari (kvota) ikki baravarga, davlat granti esa uch baravarga oshiriladi;

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab, xorijiy tillarni o‘qitishga ixtisoslashgan OTM bitiruvchilari tomonidan davlat attestasiya imtihonlarini topshirish bilan bir qatorda ushbu ta’lim muassasalari hisobidan milliy yoki xalqaro baholash tizimlari orqali ularning bilimlari darajasini aniqlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab OTMning magistratura mutaxassisliklariga hamda oliy ta’limdan keyingi ta’lim (PhD, DSc) ixtisosliklariga tanlovlarda milliy yoki xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etishi tartibi joriy etiladi.

Bunda, filologiya yo‘nalishlari bo‘yicha kamida C1 darajadagi, nofilologik yo‘nalishlar bo‘yicha esa B2 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikat talab etiladi.

Shuningdek, 2021/2022 o‘quv yilidan tuman va shaharlarda 207 ta chet tillarini o‘qitishga ixtisoslashgan maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda;

ta’limning barcha bosqichlari pedagoglari, magistratura va doktoranturaga o‘qishga kiruvchilar hamda davlat organlarining xodimlari uchun chet tillarini tegishli darajada bilishni tasdiqlovchi sertifikatga ega bo‘lish talabi o‘rnatilmoqda;

2022-yil 1-yanvardan boshlab xorijiy tillardan sertifikatga ega davlat boshqaruv idoralarining barcha bo‘g‘inlari xodimlariga lavozim maoshiga nisbatan qo‘shimcha ustama tashkilotlarning byudjetdan tashqari hamda ish haqi fondi doirasida byudjet mablag‘lari hisobidan to‘lanadi;

xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi natijalarga erishganlarni rag‘batlantirish maqsadida maktablar orasida o‘tkaziladigan prezident sovrini ta’sis etilmoqda (tuman bosqichida 100 mlngacha, viloyatlar bosqichida 250 mlngacha, respublika bosqichida 500 mln so‘mgacha pul mablag‘lari bilan mukofotlanadi).

Share:
2021-05-20 20:25:00 891