Joriy yilning 27-iyun kuni Samarqand davlat chet tillar instituti Ingliz tili-I va Ingliz tii-II fakultetlarida Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning “Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan 5 ta muhim tashabbusi" doirasida katta festival bo‘lib o‘tdi.
Festivalning maqsadi yoshlarimizga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, yoshlarni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, yurtimiz yoshlari o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish hamda xotin-qizlar bandligini oshirish masalalariga bag‘ishlandi.
Fakultetda iste’dodli talabalar tashabbusi bilan badiiy-havaskorlik jamoalari, yoshlar teatr-studiyalari, qo‘vnoqlar va zukkolar klubi va “Yoshlar klublari” tashkil etilgan. Tadbirda talabalar musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlari bo‘yicha badiiy chiqishlar va namoyishlar tashkil etishdi.
Instiututda talabalarning sport sohasida qobiliyatlarini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratilgan bo‘lib, ular mavjud sport tugaraklaridan namunalar ko‘rsatishdi.
Ta’lim jarayonlarida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanib kelinmoqda, shuningdek, tadbir davomida professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘zlarining elektron darsliklari, onlayn maxsus kurslari hamda innovatsion ishlanmalari bilan ham ishtirok etishdi.
Institutda talabalarning ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, mavjud axborot resurs markazlaridan samarali foydalanish hamda kitobxonlik to‘garaklarini yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Muntazam ravishda kitobxolik tanovlari tashkil qilinib, g‘oliblar munosib taqdirlanib kelinmoqda.
Institut professor-o‘qituvchilari, xodimlari va talabalarining aksariyatini xotin-qizlar tashkil qilganligi sababli ularni ish bilan ta’minlash masalasi hozirgi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. Institut bitiruvchi bosqich xotin-qizlariga qulaylik yaratish maqsadida o‘quv yili tugashidan avval ish beruvchi va buyurtmachi tashkilotlar institutga taklif etilib, ular tomonidan bitiruvchi talabalarga bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari tashkil etiladi va bitiruvchilarning barchasi institutni tamomlab qo‘llariga diplom olgan kunidanoq ish bilan ta’minlanadilar. Bugungi tadbirda ham xotin-qizlar uchun Samarqand shahri va tumanlarda mavjud bo‘sh ish o‘rinlari taqdim etildi hamda qiziquvchilar ish beruvchi tashkilotlar bilan tanishtirildi.
Mazkur 5 tashabbusga bag‘ishlangan festivalda institut jamoasi, ish beruvchi tashkilotlar, boshqa OTM vakillari bilan birgalikda Tojikiston Respublikasi Panjakent pedagogika instituti rahbariyati va professor-o‘qituvchilari ham ishtirok etishdi.
O'zbekcha
English
Русский
Francais
Spain













