Ko‘p yillardan buyon o‘lkamizga Bahor fasli kirib kelishini Zulfiya Isroilova hayoti va ijodi bilan bog‘laydilar. Bunga sabab shoiraning Bahorning birinchi kunida dunyoga kelishidir. Shu bilan birga shoira o‘zining ijod yo‘li davomida insonlarga bahoriy kayfiyat ulashuvchi she’rlar bitganligi ham bu fikrning yaqqol dalili desak adashmagan bo‘lamiz.
Bir necha yillardan buyon mart oyining dastlabki kuni shoira tavallud topgan kun munosabati bilan yurtimizning barcha joylarida ushbu kun katta tantana sifatida nishonlanib kelinadi. Xuddi shu kabi tadbirlardan biri joriy yilning 2-mart kunida Samarqand shahar Xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 62-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda o‘quvchilar, pedagog-o‘qituvchilar, maktab ma’muriyati, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari – H.Rasulova, M.Qanoatova hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
“Zulfiyaxonim qizlari – umidimiz yulduzlari” deb nomlangan ushbu tadbir barchani xushnud etdi. Jarayon doirasida Zufiyaxonim ijodiga mansub bo‘lgan she’rlar, milliy raqslar, dilni rom etuvchi qo‘shiqlar hamda shoiraning hayoti va ijodi bilan bog‘liq ajoyib sahna ko‘rinishlari maktabning 8-sinf o‘quvchilari tomonidan qo‘l mehnati bilan g‘aroyibona yasatilgan sahnada mohirona ijro etildi.
– Men maktab o‘quvchi-qizlarida shoira Zulfiyaxonimga nisbatan hurmat-ehtiromning naqadar cheksiz, ularda shoiraning ijodini o‘rganishga bo‘lgan shijoatning jo‘shqin ekanligiga guvoh bo‘ldim, – deydi Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori Hilola Rasulova. – Shuni ishonch bilan ayta olamanki, ko‘zlarida nur balqib turgan bu o‘quvchi qizlar orasidan Zulfiyaxonim mukofoti sovrindorlari ko‘plab yetishib chiqadi.
O‘quvchilarning sahna ko‘rinishlarini jonli tarzda namoyon eta olganligi, qo‘ng‘iroqdek jarangli ovoz bilan shoira she’rlarining ijro etilishi, kuylangan qo‘shiqlarning ohangdorligi yig‘ilgan mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
– “Ochig‘i, o‘quvchilarimizning bu qadar qobiliyatli ekanligini his qilmagan edim. Tadbirga Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibalarining tashrif buyurishi hamda ularning so‘zlagan nutqlari o‘quvchi-qizlarimizda ham davlat mukofoti sovrindori bo‘lish ishtiyoqini uyg‘otdi desam, yanglishmayman, – deydi maktab direktori Nigora Salaxiddinova. – O‘quvchilarning mehnatini qadrlab, vaqtlarini ayamasdan tashrif buyurgan mehmonlarga, shu jumladan, tadbirni tashkil etishda tashabbus ko‘rsatgan ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Vahobjon Avazovga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Tadbir so‘ngida faollik va tashkilotchiligini ko‘rsata olgan o‘quvchilar maktab ma’muriyati tomonidan munosib taqdirlanishdi hamda esdalik sovg‘alar tuhfa etildi.
SamDCHTI matbuot xizmati
O'zbekcha
English
Русский
Francais
Spain











