Samarqand davlat chet tillar instituti rektori
Ilxomjon Tuxtasinov
Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobatni kuchaytirish, karantin sharoitida oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarning hujjatlarini qabul qilish va kirish imtihonlarini lozim darajada o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-iyunida “2020/2021 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi PQ-4749-sonli qarori qabul qilindi. Mazkur Qarorga asosan davlat buyurtmasi parametrlari magistrlar tayyorlash bo‘yicha – 10 425 nafar etib belgilandi. 2019/2020 o‘quv yilida ushbu ko’rsatkich — 7 695 nafar etib tasdiqlangan edi, — deydi Ilxomjon Tuxtasinov. — Oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga o‘qishga hujjatlarni topshirish joriy yilning 1-iyulidan 30-iyuliga qadar magistr.edu.uz havolasi orqali Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi saytida amalga oshirildi. Joriy yilda OTMlarda hujjatlar qabul qilinmadi.
Magistratura mutaxassisliklariga onlayn ro’yxatdan o’tish uchun qanday hujjatlar talab etildi?
— Avvalgilardan ko’ra mazkur yilda qabulni rasmiylashtirish uchun kerak bo‘ladigan hujjatlar soni ham soddalashtirildi. Birinchisi pasport (bunda pasportning skaner yoki rasm varianti talab etilmaydi, kerakli o‘rinlarga JSHSHIR raqami, pasport seriyasi va raqamini kiritish kerak xolos), ikkinchisi bakalavr darajasini beruvchi diplom va baholar qayd etilgan ilovaning skaner varianti, uchunchisi chet tilini bilish sertifikati, olimpiadalar g‘olibligi, prezident yoki nomli stipendiya sohibi ekanligi va h.k.larni tasdiqlovchi hujjatlar (agar mavjud bo‘lsa). Abituriyentdan shundan boshqa qo‘shimcha hujjatlar (fotosurat, maqolalar nusxasi, tibbiy ma’lumotnoma kabilar) talab etilmadi.
Samarqand davlat chet tillar institutida joriy yilda magistratura mutaxassisligiga qancha qabul o’rni ajratilgan, yangi ochilgan ta’lim yo’nalishlari ham bormi? Hujjat topshirgan abituriyentlar sonini ayta olasizmi?
— Samarqand davlat chet tillar instituti magistratura mutaxassisligiga 2020/2021 o’quv yili uchun 130 ta o‘rin ajratildi. Shundan 27 ta grant, 103 ta kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi. 2020/2021 o‘quv yilida yangi mutaxassislik, ya’ni “Kompyuter lingvistikasi” mutaxassisligi tashkil etildi va ushbu yo‘nalishga jami 6 ta qabul kvotasi ajratildi, 2 ta grant, 4 kontrakt. Hozirgi vaqtda Samarqand davlat chet tillar instituti magistraturasiga hujjat topshirgan talabalar soni 1053 nafarni tashkil etadi. O‘tgan o‘quv yilida bu miqdor 321 nafarni tashkil etgan, ya’ni hujjat topshiruvchilar soni 30% ga ko‘paygani ma’lum bo‘ldi. Respublika bo‘yicha magistraturaga jami 78720 ta ariza kelib tushganini ham ko’rishimiz mumkin.
Magistraturaga hujjat topshirish tizmida yangicha o’zgarishlar mavjudmi?
— O‘tgan o‘quv yilidan boshlab, bakalavrlarning magistratura yo‘nalishlarini tanlashlari uchun cheklovlar bekor qilingan. Ya’ni talaba bakalavrni qaysi yo‘nalishda o‘qiganidan qat’iy nazar o‘zi istagan magistratura yo‘nalishini tanlay oladi. Faqatgina bir necha istisnolar mavjud. Ayrim magistratura yo‘nalishlariga faqatgina turdosh yo‘nalishlarni bitirgan bakalavrlar hujjat topshira oladi. Bundan tashqari magistraturaga bir talabaning bir necha yo‘nalishlarga bir vaqtning o‘zida hujjat topshirish va imtihonda qatnashishi mumkin emas. Bir talabaga faqat bitta mutaxassislik bo‘yicha hujjat topshirish imkoniyati beriladi.
Bizga ma’lum bo’lishicha bu yil kirish imtihonlari onlayn test bo’ladi. Shu haqda to’xtalib o’tsangiz. Qanday fanlardan imtihonlar bo’ladi?
— Magistratura bosqichiga kirish imtihonlari pandemiya sharoiti tufayli test shaklida, onlayn rejimda o‘tkaziladi va Davlat komissiyasi qaroriga asosan imtihon muddatlari belgilanadi. Ma’lum bo’lgach, albatta, rasmiy sahifalarimizda e’lon beramiz. Magistraturaga kirish sinovlari tarkibiga (xususan, mutaxassislik fanlari bo‘yicha kirish sinovlari tarkibiga) tegishli mutaxassisliklar sohalarida talabgorlarni ilmiy-pedagogik layoqati (yoki ilm olish qobiliyati)ni aniqlash bo‘yicha test savollari ham kiritiladi. Talabgorlarga yana bir yengillik yaratish maqsadida kirish sinovlari topshirishlari uchun o‘zlari yashab turgan hududni tanlash imkoniyatlari berildi, ya’ni har bir talaba hujjat topshirish jarayonida o‘zlari yashab turgan yoki hozirda vaqtinchalik bo‘lib turgan hududni test topshirish manzili sifatida belgilaganlar.
Magistraturaga kirish sinovi umumiy ballari quyidagilardan tashkil topadi:
- magistraturaga kirishda tanlagan mutaxassislik, tegishli mutaxassisliklar sohalarida talabgorlarni ilmiy-pedagogik layoqati bo‘yicha bilim darajasini belgilovchi maxsus fanlardan sinov o‘tkaziladi (baholash mezoni 0 balldan 100 balgachani tashkil etadi);
- chet tili (xorijiy filologiya, xorijiy til va adabiyoti ta’lim yo‘nalishlari bazasidagi mutaxassisliklar uchun ikkinchi chet tili) fani bo‘yicha sinov o‘tkaziladi (baholash mezoni 0 baldan 50 balgachani tashkil etadi);
- oliy ta’lim muassasasi bitiruvchisining umumiy reytingi yoki o‘zlashtirish ko‘rsatkichi (o‘zlashtirish tegishli ravishda 55 baldan 100 balgacha bo‘lgan diapazonda yuzdan bir aniqlikda, o‘zlashtirgan fanlarining o‘rtacha bali orqali ifodalanadi) aniqlanadi.
- Xalqaro tan olingan chet tilini bilish darajasi haqidagi sertifikat (TOEFL bo‘yicha kamida 72 yoki IELTS bo‘yicha kamida 5,5 ball, TestDaF (TD№3), CEFR bo‘yicha kamida B2 yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan beriladigan Chet tilini bilish darajasi haqidagi B2 yoki C1 darajasidagi sertifikat taqdim etganlarga chet tilidan 50 ball qo‘yiladi va ular chet tilidan kirish sinovida ishtirok etmaydi.
Magistraturaga o‘qishga kirishda eng ko‘p (maksimal) to‘planishi mumkin bo‘lgan ball — 250 ni tashkil etadi.
Onlayn test bo’lsa, test jarayonida shaffoflikning ta'minlanishi yetarli darajada bo’ladimi?
— Albatta, kirish sinovlari jarayonlari markazlashgan holda hududiy axborot xavfsizligi ta’minlangan hududiy XABlarda sifatli, yuqori tezlikdagi internet hamda zamonaviy texnik vositalar va IP-kameralar yordamida amalga oshiriladi. Kirish sinovlari jarayonlari IP-kameralar orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri translyatsiya qilinadi va ushbu jarayonni talabalarning ota-onalari va qiziquvchilar onlayn tarzda kuzatib borishlari mumkin. Shuningdek, magistraturaga kirish sinovlarining farqi shundaki, sinovlar test shaklida, onlayn rejimda o‘tkaziladi va imtihon topshiruvchi talabalar test jarayoni tugashi bilan o‘zlarining test natijalari haqidagi ma’lumotlari bilan tanishishi, testning adolatli va shaffof o‘tkazilishiga guvoh bo‘lishlari mumkin.
Joriy yildagi yangiliklardan yana biri bitiruvchi bakalavr va magistrlar uchun beriladigan diplomlarining onlayn tarzda QR kodlar bilan diplom.edu.uz havolasi orqali Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy veb-sayti orqali taqdim etilishidir. Bunda bakalavr yoki magistr talaba diplom va ilovalarini onlayn tarzda yuklab olishlari mumkin.
Sizlarning insitutlaringiz o’zini o’zi moliyalashtirish tizimiga o’tgan. Ma’lum bo’lishicha, sizlar kontrakt miqdorlarini mustaqil belgilaysizlar. Aytmoqchimanki, miqdor bu yil ko’tarildimi yoki kamaytirildimi?
— Bugungi kundagi pandemiya sharoitini inobatga olib, shuningdek, talabalar va ularning ota-onalari murojaatlarini hisobga olgan holda 2020/2021 o’quv yilida bakalavrlar va magistratura mutaxassisliklari uchun ham to‘lov-kontrak miqdorini aholiga yordam bo’lishi uchun oshirmaslikka qaror qildik.
SAMARQAND DAVLAT CHET TILLAR INSTITUTI REKTORI
ILXOMJON TUXTASINOVNING
“O’ZBEKISTON 24” TELEKANALIGA BERGAN INTERVYUSIDAN
O'zbekcha
Русский
Francais
Deutsch
Spain

