Germaniyaning Humboldt universitetining Markaziy Osiyo va Afrikashunoslik Instituti ushbu davlatlarning tarixi, iqtisodi, geografiyasi, xalqalari madaniyati, tili, etnografiyasi va madaniyatini o‘rganadi.

SamDCHTI Humboldt universiteti hamda DAAD (Germaniya Akademiklar Almashinuv Xizmati) tashkiloti bilan hamkorlikda „O‘zbek tili, madaniyati va Samarqand hayoti“ nomli maxsus intensiv kurs tashkil etildi. Mazkur kurs 17-sentabrdan 5-oktyabrgacha davom etishi rejalashtirilgan. Kurs ishtirokchilariga mahalliy o‘qituvchilar bilan birgalikda Humboldt universiteti mutaxassislari Ayfer Durdu xonim va janob Akakcha Francis Omerlar ham jalb etilishi rejalashtirilgan.

Mazkur intensiv kurs o‘zbek tili grammatikasi, so‘zlashuv, adabiyoti, milliy madaniyat, O‘zbekiston tarixi va tarixiy obidalari mavzularini o‘z ichiga oladi. Ushbu kurs Germaniya oily ta'lim muassasalarida o‘zbek tilini o‘rganayotgan talabalar uchun o‘zbek tilini aynan o‘zbek xalqi orasida o‘rganish, maxsus akademik mashg‘ulotlarda ishtirok etish, O‘zbekistonning tarixiy shaharlariga sayohat uyushtirish hamda kundalik muloqotda bo‘lish orqali o‘zbek tili, adabiyoti va madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatini beradi.

Samarqand davlat chet tillar instituti mustaqil O‘zbekistonning eng yosh va nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan bo‘lib, u yuqori malakali xorijiy tillar mutaxassislarini tayyorlash borasida nafaqat yurtimiz, balki, mintaqa oliy ta'lim tizimida o‘zining munosib o‘rniga egadir. Institut nafaqat xorijiy tillarni, balki xorijliklar uchun o’zbek tili, adabiyoti va madaniyatini ham targ’ib qilishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ygan. Shuning uchun institutda xorijliklar uchun muntazam “O’zbek tili, adabiyoti va madaniyati” kurslari tashkil etib kelinmoqda.

Mazkur kurs ishtirokchilari O‘zbek tili, adabiyoti, madaniyatini o‘rganish bilan bir qatorda O‘zbekiston tarixi, Samarqand tarixi va tarixiy obidalari bilan yaqindan tanishadilar. Shuningdek, o‘zbek xalqi orasida mahalliy aholi bilan hamsuhbat bo‘lib, milliy taomlar, urf-odatlar bilan yaqindan tanishish imkoniyatini qo‘lga kiritishadi.

 

Share:
2018-09-17 13:00:00 89