Samarqand davlat chet tillar institutining 30 yilligi nishonlandi

Mazkur tadbir munosabati bilan institutda madaniyatlar festivali tashkil etildi. Unda institutning professor-oʻqituvchilari, talabalari, “Euronews” telekanali vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasidan soʻng Samarqand davlat chet tillar instituti rektori B.Xoliqov kirish soʻzi bilan tadbirni ochib berdi.

Tadbir davomida janob Salih Janer institut jamoasini bugungi ayyom bilan tabriklab, oʻz soʻzida oliygoh professor-oʻqituvchilarining Turkiya oliy oʻquv yurtlari bilan oʻrnatgan aloqalari mustahkamlanib borayotganini, bu har ikki mamlakat ilm-fani rivojiga hissa qoʻshayotganini eʼtirof etdi.

So’zga chiqqanlar SamDCHTI bosib o’tgan yo’l, jamoaning fidoyi mehnati va 30 yilda qo’lga kiritilgan ulkan yutuqlar haqida gapirishdi. Institut bilan bog’liq shirin xotiralarni yodga olishdi. Festivalda ustozlarga alohida ehtirom ko’rsatilib, ular institut rahbariyati tomonidan sovg’alar va institut tashkil topganining 30 yilligi munosabati bilan ta'sis etilgan medallar bilan taqdirlanishdi.

Shuningdek, oliygohda qator yillardan buyon namunali pedagogik faoliyat olib borib, institut salohiyati oshishiga oʻzining munosib hissasini qoʻshgan bir guruh ustozlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Oʻzbekiston Faxriylarni ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasining faxriy yorliq, tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari taqdim etildi.

Shu bilan birga, professor-oʻqituvchilar va talabalar tomonidan turli xalqlarning urf-odat va anʼanalari, milliy kiyimlari, ashula va raqslari namoyish etildi. Yapon, xitoy, koreys, arab, turk, rus, ingliz, nemis, fransuz, ispan va italyan milliy taomlari, ichimlik va shirinliklari tayyorlanib, institut jamoasi va tadbirga tashrif buyurgan mehmonlarga tortiq qilindi.

Ma'lumot uchun, Samarqand davlat chet tillar instituti chet tillar sohasida kadrlar tayyorlashni jadallashtirish, mintaqadagi korxonalar va muassasalarning kengayib borayotgan xalqaro aloqalarini yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash maqsadida 1994-yil 8-noyabrda qabul qilingan “Samarqand davlat chet tillar institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bilan tashkil etilgan.

SamDCHTI Axborot xizmati

Share:
2024-11-30 12:29:53 116