
Assalomu alaykum, muhtaram ustozlar, qadrli talabalar!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz yoshlari vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar yoshlar istiqbolini belgilash yo‘lida har bir ziyoli, har bir pedagog va har bir rahbar zimmasidagi ustuvor vazifalarni yanada aniq belgilab berdi. Mazkur vazifalarni izchil amalga oshirishni biz o‘z faoliyatimizning bosh mezoni, eng muhim strategik yo‘nalishi deb bilamiz.
Davlatimiz rahbarining: “22 milliondan ziyod yoshlarimiz timsolida ulkan iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuchni ko‘ramiz”, degan fikri bejiz emas. Bu raqam shunchaki statistika emas, balki mamlakatimizning ertangi kuni, taraqqiyot sur’ati va global maydondagi nufuzini belgilovchi hal qiluvchi omildir. Ayniqsa, har bir rahbar yoshlarning til o‘rganishi, kasb-hunar egallashi, startap va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashi shartligi haqidagi qat’iy talab yoshlar siyosati yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi.
Uchrashuvda keltirilgan dalil va raqamlar yoshlarimiz salohiyatining naqadar yuksak ekanini yana bir bor tasdiqladi. Keyingi yillarda o‘g‘il-qizlarimiz jahon fan olimpiadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush va 221 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalari — Harvard, Yel, Princeton kabi universitetlarda 500 nafardan ortiq yoshlarimiz tahsil olayotgani, TOP-100 talik oliygohlarda esa 3,5 ming nafardan ziyod yigit-qizlarimiz o‘qiyotgani ta’lim tizimimizda olib borilayotgan islohotlarning amaliy samarasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ayniqsa, xorijiy til sertifikatiga ega bo‘lgan yoshlar soni 600 mingdan oshgani, 72 ming nafar malakali instruktor shakllangani biz kabi chet tillariga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari pedagogik jamoasi zimmasiga alohida mas’uliyat yuklaydi. Bu — til o‘rganishga bo‘lgan ehtiyoj va qiziqishning ortib borayotganidan, jamiyatda bilim va kompetensiyalarga talab kuchayganidan dalolat beradi. Xususiy o‘quv markazlari sonining uch barobar ko‘payib, 38 mingtadan oshgani ham ayni jarayonning mantiqiy natijasidir. O‘quv markazlari uyushmasiga a’zo muassasalarga berilayotgan soliq imtiyozlari, o‘qituvchilarning AQSh va Buyuk Britaniya kabi davlatlarda stajirovka o‘tashi ta’lim sifatini tubdan yaxshilashga xizmat qiladi.
Prezidentimiz alohida ta’kidladilar: “Albatta, yangi metodika va innovatsiyalarni joriy etib, ta’lim sifatini oshirish va yoshlarni kasbining ustasi etib tarbiyalash haqida izlanadigan rahbar faoliyatida o‘zgarish bo‘ladi”. Bu fikr, avvalo, biz – oliygoh rahbarlari uchun dasturilamal bo‘ldi. Endilikda rektor faoliyati faqat auditoriya va ma’muriy boshqaruv bilan cheklanmaydi. Har bir oliygoh rahbari o‘z hududidagi yoshlarning xorijiy tillar va zamonaviy kasblarni egallashi, sport bilan shug‘ullanishi, g‘oya va startaplarini ro‘yobga chiqarishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi shart.
Aziz talabalar!
Samarqand davlat chet tillar instituti jamoasi ushbu ustuvor vazifalardan kelib chiqib, bir qator aniq yo‘nalishlarni belgilab oldi.
Birinchidan, “Mening birinchi kasbim” dasturi doirasida bitiruvchilar o‘rtasida tanlov asosida stajirovkalar tashkil etilib, ularga oyiga 2 million so‘mgacha stipendiya to‘lanadi. Bu yosh mutaxassislarning mehnat bozoriga tez va samarali moslashuvini ta’minlaydi hamda nazariya va amaliyot integratsiyasining muhim bosqichi bo‘lib xizmat qiladi.
Ikkinchidan, “spin-off” korxonalari va innovatsion laboratoriyalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Oliy ta’lim muassasalari va texnikumlarda o‘quvchilarning startap loyihalari uchun 1 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratilishi ilmiy g‘oyalarni real iqtisodiy mahsulotga aylantirish imkonini beradi. Bu esa ta’lim muassasasini oddiy bilim beruvchi maskandan innovatsion markazga aylantirish yo‘lida muhim qadamdir.
Uchinchidan, tajriba almashish va ijtimoiy mas’uliyat masalalari izchil davom ettiriladi. Qo‘qon universiteti hamda Toshkent davlat agrar universitetining ehtiyojmand oilalar farzandlarini bepul o‘qitish va “dual ta’lim” tizimini yo‘lga qo‘yish borasidagi tajribasi biz uchun ibrat maktabi bo‘ldi. Institutimizda ham ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Endilikda xorijiy tillarni bepul o‘qitish ko‘lamini yanada kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Yoshlar bandligi va tadbirkorlik masalasi institut strategiyasining ajralmas qismiga aylanadi. Yoshlar tadbirkorligi uchun qo‘shimcha 200 million dollar ajratilishi, o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar uchun kredit miqdorining 300 million so‘mgacha oshirilishi, “Kelajak tadbirkori” dasturi doirasida 7 yil muddatga 15 foizlik kreditlar berilishi, innovatsion startaplarga 100 ming dollargacha investitsiya kiritilishi – bularning barchasi yoshlar tashabbusini real iqtisodiy kuchga aylantirishga qaratilgan muhim qarorlardir.
Bizning vazifamiz — talabalar orasidan ana shunday imkoniyatlardan samarali foydalanadigan, raqobatbardosh yangi avlod tadbirkorlarini tarbiyalashdir. Stanford universiteti kabi yetakchi oliygohlar tajribasi asosida 40 ming nafar yoshni biznes sohasida o‘qitish rejalashtirilgan ekan, bu jarayonda til biladigan, global fikrlaydigan kadrlarni tayyorlash bizning zimmmamizga yanada katta mas’uliyat yuklaydi.
Har payshanba kuni “Yoshlar kuni” sifatida belgilanishi ochiqlik va muloqot madaniyatini mustahkamlaydi. Institutimizda “Rektor va yoshlar”, “Prorektor va yoshlar”, “Dekan va yoshlar” uchrashuvlari tizimli yo‘lga qo‘yilib, talabalar murojaatlarini ko‘rib chiqishning raqamli platformasi ishga tushiriladi. Bu shaffoflik, hisobdorlik va tezkorlikni ta’minlaydi. Eng muhimi, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, muammolariga tezkor yechim topadilar.
Ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga qaratilgan izchil chora-tadbirlar natijasida mehnat bozori malakali bitiruvchilar bilan ta’minlanadi. Bu esa bitiruvchilarimizning bandligi bilan bog‘liq masalalarga samarali yechim bo‘ladi.
Dual ta’limni kengaytirish, turizm tashkilotlari, tarjima markazlari va xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikni mustahkamlash orqali talabalar o‘qish jarayonidayoq ishlab, daromad topish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shuningdek, “Work and Travel” dasturlarida ishtirok etuvchi talabalar safi kengaytiriladi. Natijada bitiruvchilarimizning bandlik darajasi sezilarli oshadi.
Shunday ekan yoshlarimiz bu yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanishlari, o‘z imkoniyat va iqtidorlarini ro‘yobga chiqarishlari lozim bo‘ladi.
Hurmatli jamoamiz a’zolari!
Institutimizda shakllangan 300 nafardan ziyod volontyor-tarjimonlar xalqaro tadbirlarning yuqori saviyada o‘tishiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Volontyorlik harakatini rivojlantirish maqsadida Vasiylik kengashi hamda 20 milliard so‘mlik jamg‘arma tashkil etilishi yoshlarimizning ijtimoiy faolligini yangi bosqichga olib chiqishiga ishonamiz.
Ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalish ham e’tibordan chetda qolmaydi. Eng yaxshi 100 ta asarni maktab va texnikumlarga yetkazish, faol kitobxonlarni 10 million so‘m pul mukofoti bilan rag‘batlantirish tashabbusi jamiyatda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Institutimizda zamonaviy kutubxona, “Book cafe” va tarjima maktabini tashkil etish orqali mutolaa muhitini yanada mustahkamlashni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.
Raqamli transformatsiya – zamon talabi. Sun’iy intellekt asosidagi til o‘rganish platformalari, elektron ta’lim tizimlari va raqamli portfoliolarni joriy etish orqali talabalarning bilim va ko‘nikmalari shaffof baholanadi, bitiruvchilarning xalqaro mehnat bozoriga chiqish imkoniyati kengayadi. Bu borada ham istiqbolli rejalar ishlab chiqilgan.
Xalqaro hamkorlikni kengaytirish, TOP-300 talikka kirgan yetakchi universitetlar bilan qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish, akademik mobillikni rivojlantirish orqali Samarqand davlat chet tillar institutini mintaqadagi yetakchi til ta’limi markazlaridan biriga aylantirish – oldimizda turgan ustuvor maqsaddir.
Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimiz oliy ta’lim tizimidan yangicha tafakkur, zamonaviy boshqaruv va aniq natijalarni talab etmoqda. Biz ana shu yuksak ishonchni oqlash, yoshlarning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish va ularni Yangi O‘zbekiston ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan yetuk mutaxassislar etib tarbiyalash yo‘lida barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
E’tiboringiz uchun rahmat!
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain
