“Yoshlar kreativ bog‘i”da ilhomli uchrashuv!

Samarqand davlat chet tillar instituti Kompyuter lingvistikasi mutaxassisligi magistranti va Xalqaro reytinglar bilan ishlash bo‘limi uslubchisi Pokiza Nurmamatova O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatiga qilgan tashrifi davomda “Yoshlar kreativ bog‘i”da bo‘lib o‘tgan uchrashuvda o‘zining innovatsion startap loyihasi — “Nomadic Arena” (“Ko‘pkari mobil”) o‘yini loyihasini taqdim etdi.

“Nomadic Arena” — bu milliy ot sporti, xususan ko‘pkariga asoslangan yangi avlod multiplayer e-sport o‘yini bo‘lib, u madaniyat, strategiya va zamonaviy texnologiyalarni birlashtiradi. Loyiha orqali milliy qadriyatlarimizni raqamli formatda rivojlantirish maqsad qilingan.

Taqdimot jarayonida mamlakatimiz rahbari tomonidan ushbu loyiha yuqori baholandi va katta qiziqish bilan qabul qilindi. Prezident xotin-qizlarni IT sohasida ko‘rayotganidan mamnun ekanligini bildirib, bunday tashabbuslarni doimo qo‘llab-quvvatlash lozimligini ta’kidladi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarining bu kabi innovatsion g‘oyalarni shakllantirishdagi o‘rni juda yuqori ekanligi alohida qayd etildi.

Bu tashabbus — nafaqat startap, balki mamlakatimizda raqamli sport va innovatsiyalarni rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim qadamdir.

Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati

Share:
2026-03-19 16:06:22 160