Bugun, 31 oktyabr kuni Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vaziri Inomjon Majidov rahbarligida videoselektor yigʼilishi boʼlib oʼtdi. Unda vazir oʼrinbosarlari, tegishli boshqarma va boʼlim boshliqlari hamda respublikadagi barcha oliy taʼlim muassasalari rektorlari va filial direktorlari ishtirok etdi.
Yigʼilish kun tartibida asosiy masala sifatida kuni kecha prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish masalalari muhokamasi boʼyicha oʼtkazilgan uchrashuvda berilgan vazifalar muhokama qilindi.
Oliy taʼlim muassasalari bazasida maktab oʼqituvchilari uchun malaka oshirish imkoniyatini yaratish, taʼlim sifatini taʼminlash uchun zarur metodik bazani ishlab chiqish hamda pedagogika yoʼnalishidagi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini maktablarga joriy etilayotgan yangi tizimga mazmunan moslashtirish – asosiy vazifa sifatida belgilab olindi.
– Maktab taʼlimida qanday oʼzgarishlar qilinadigan boʼlsa, avvalo, pedagogika yoʼnalishlarida tayyorlanadigan boʼlajak oʼqituvchilarni bunga tayyorlashimiz lozim, – dedi vazir Inomjon Majidov. – OTMlar maktablarning oʼquv jarayonlarida faol ishtirok etishi, oʼquv reja va dasturlarni ishlab chiqish, oʼqitish metodikasini belgilash, selektsiya ishlarida yaqindan hamkorlik qilishi kerak. Kuni kecha boʼlib oʼtgan videoselektor yigʼilishida Prezidentimiz tomonidan bu boʼyicha rektorlar oldiga aniq vazifalar belgilab berildi.
Maktablarda selektsiya ishlarini tashkil etish, turli fan olimpiadalari va imtihonlar oʼtkazishda koʼmaklashish, iqtidorli oʼquvchilarni saralash va ularning qobiliyatini rivojlantirish uchun metodik yordam koʼrsatish, pirovardida isteʼdodli yoshlarni akademik litseylarga va keyinchalik OTMlarga qabul qilish tizimini yoʼlga qoʼyishda tashabbus koʼrsatish zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, pedagogika sohasida ilmiy tadqiqot bilan shugʼullanishga qiziqqan oʼqituvchilarni magistratura va doktoranturaga OTMlar ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib, toʼlov-kontrakt asosida qabul qilish imkoniyatini koʼrib chiqish, maktab oʼqituvchilari orasida ilm bilan shugʼullanishga talab yuqori boʼlsa, vazirlik tomonidan huquqiy asosini ishlab chiqishda yordam koʼrsatilishi qayd etildi.
Pedagogika yoʼnalishi mavjud oliy taʼlim muassasalarida ilmiy-tadqiqot uchun mavzu tanlashda ularning amaliyot bilan bogʼliqligi, maktabda oʼtiladigan fanlar va oʼqitish metodikasi bilan aloqadorligiga eʼtibor berish zarurligi, umumiy mazmundagi va real hayotdan uzilib qolgan ilmiy ishlarni qayta yoʼnaltirish, bunda tadqiqotchilarga taqiqlash emas, aksincha ularni sohaning dolzarb muammolarini oʼrganishga yoʼnaltirish lozimligi aytib oʼtildi.
Shuningdek, yigʼilishda sohaga oid huquqiy-meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqish va muhokama qilishda tizim vakillari ishtirok etishi qoniqarsiz ekani tanqid ostiga olindi. Qabul qilinayotgan hujjatda belgilangan vazifalar ijrosining oʼz vaqtida va sifatli taʼminlanishi uchun, avvalo ular real hayotda ishlashi va soha xodimlariga qulaylik yaratishi kerak. Buning uchun esa rektorlar, professor-oʼqituvchilar sohaga oid qabul qilinayotgan har bir hujjatning muhokamasida ishtirok etishi, ularning hayotga mosligini tekshirishi va aniq taklif-mulohazalarini bildirishi lozim.
Videoselektor yigʼilishida OTM rahbariyati, xususan dekanlar, prorektorlar, rektorlarning talaba-yoshlar bilan muntazam muloqot qilmasligi, ularni qiynayotgan muammolarni oʼrganmasligi tanqid qilindi. OTMlar sayti zarur axborotlarning yoʼqligi, qayta aloqa oʼrnatilmagani, foydalanuvchilarga murojaat qilish imkoniyatining yoʼqligi yoki yaxshi olib borilmasligi tufayli talabalar oʼz savoliga javob qidirib vazirlikka, ijtimoiy tarmoqlarga chiqayotgani qayd etildi.
OTM rektorlariga muassasa saytiga internet foydalanuvchilarini qiziqtirgan barcha maʼlumotlarni joylashtirishi, uni doimiy yangilab turish, talabalar bilan doimiy ravishda muloqot qilish vazifasi berildi.
SamDCHTI Axborot xizmati
O'zbekcha
Русский
Francais
Deutsch
Spain




