Har yili yangi o‘quv yili boshlangan daslabki kunlarda talabalarni turar joylar bilan tezkor ta’minlash borasida turli xil tizimli ishlar amalga oshiriladi. Jumladan, 2023/2024 o‘quv yili boshlanishi oldidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining topshirig‘iga binoan Samarqand davlat chet tillar institutida tahsil oluvchi talabalarni turar joy bilan ta’minlash yuzasidan “Yo‘l xarita” ishlab chiqilib, unga muvofiq ishchi guruh tashkil etildi.
Ishchi guruh tomonidan talabalarni turar joylariga joylashtirish bo‘yicha manager.samdchti.uz/talaba platformasi ishlab chiqildi. Bunda talabalar o‘z yashash uylarida turib, mobil telefonlari orqali onlayn ariza yuborish imkoniyati yaratildi va hozirda onlayn arizalarni ko‘rib chiqish ishlari davom etmoqda.


Ma’lumot uchun, onlayn arizalar joriy yilning 20-iyul kunidan 5-avgust kuniga qadar qabul qilindi va bu faqat kunduzgi ta'lim shaklida tahsil olayotgan hamda 2-, 3-, 4-bosqich talabalariga amal qiladi. Bunda 1-bosqichga qabul qilingan talabalar 2023/2024 o‘quv yili bakalavriat bosqichi uchun o‘tkazilayotgan imtihon natijalari (mandat) e’lon qilingach, o‘zlari uchun ajratib qo‘yilgan turar joylariga joylashishadi.
Bugungi kungacha 2-, 3- va 4-bosqich talabalaridan jami bo‘lib, 549 ta ariza kelib tushdi va ular joriy yilning 10-avgust kuniga qadar “Talabalar turar joyiga joylashtirish to‘g‘risida”gi Nizom talablari bo‘yicha quyidagi mezonlarga muvofiq turar joy bilan ta’minlanadi.
- Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchisi bo‘lgan talabalar (to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan bolalar);
- Chin yetim bo‘lgan talabalar (ota-onasi vafot etgan, vasiylik va homiylikka olingan yetim talabalar);
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar;
- “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi (my.gov.uz) orqali kam ta’minlangan deya e’tirof etilgan oila farzandi bo‘lgan talabalar (bunda axborot tizimiga 2023-yilda kiritilgan oilalar hisobga olinadi);
- Xorijiy davlatlardan kelib tahsil olayotgan (chet el fuqarosi) talabalar.


Hozirgi vaqtda talabalar turar joyi bilan ta’minlanmagan yuqori bosqich talabalarini ijara xonadonlariga joylashtirish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, 15-iyul kunidan hozirga qadar Samarqand shahridan 410 ta ijara xonadonlari topilib, 1605 nafar talaba-yoshlarga turar joy uchun imkoniyatlar yaratildi va ushbu jarayon joriy yilning 15-avgust kuniga qadar davom etadi.
Sherzod Suyunov,
Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i.
O'zbekcha
English
Русский
Francais
Deutsch
