2019-yilning 29-oktyabr kunida @SizdanTelegram (https://t.me/sizdantelegram/11680) ijtimoiy tarmog‘ida tanqidiy post tashlandi. Unda ma’lum bo‘lishicha, “Krossovka kiygan talabalar o‘qishdan haydalar emish”. Ushbu postga javoban, Samarqand davlat chet tillar institutining 2019-yil 18-oktabrdagi 866-sonli buyrug‘ida institut Ichki tartib-qoidalari, Odob-ahloq qoidalari, Ustavi, Kengash qarorlari, rektorning buyruqlari va boshqa lokal hujjatlarda belgilangan talablarni buzganligi uchun hayfsan hamda ushbu holat takroran sodir etilganda institut Kengashi qarori asosida talabalar  safidan chetlashtirilishi ko‘rsatilgan.
  
      O‘z o‘rnida, talabaning kiyinish madaniyati qoidalariga rioya qilmagan hollarda unga nisbatan intizomiy tartibga chaqirish choralari ko‘riladi va talabalar safidan chetlashtirish nazarda tutilmaydi.
 
       “Professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda talabalar institut hududida diniy libosda, sport kiyimi va poyafzal (e’tiborni tortadigan, ortiqcha bezaklarga boy oyoq kiyimi)da kelishi, tanani shaffof ko‘rsatadigan, yelka, ko‘krak va qorin, tizzadan yuqori qismlari ochiq qoladigan hamda haddan tashqari tor kiyimda, shuningdek, quloqchinlar (naushnik), metall zanjirlar, tatuirovka va tanaga boshqa narsalarni chizgan holatda ta’lim muassasasiga kirishi mumkin emas (chunki ta’lim muassasasi bu ilm-madaniyat va ma’rifat dargohidir)”. Ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchi, xodim va talabalarning kiyinish madaniyatiga oid talablar kiyinish madaniyati to‘g‘risidagi Nizom va Ichki tartib qoidalar asosida tartibga solinadi.
  
      Har bir davlat organi, tashkilot, muassasalarda ichki tartib-qoidalar mavjud. Bu tartib qoidalar unga rioya qilinishi maqsadida ishlab chiqiladi. Shunday ekan, ta’lim muassasalarida ichki tartib-qoidalarga, ta’lim muassasasining kiyinish madaniyati to‘g‘risidagi Nizomiga, Odob-ahloq qoidalariga,  jumladan, rahbariyatning buyrug‘iga har bir professor-o‘qituvchi, xodim, talabalarning amal qilishi ularning majburiyatidir.

SamDCHTI matbuot xizmati

Share:
2019-11-06 19:13:28 101