“Unicum Foundation” nodavlat ta’lim muassasasi vakillari bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Uchrashuvda institut rektori B. Xoliqov hamda “Unicum Foundation” rahbari S. Soatov o‘zaro hamkorlikni istiqbolli rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi. Mehmonlarga dastlab institutda amalga oshirilayotgan ta’lim islohotlari, xalqaro aloqalar ko‘lami hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini kengaytirish borasidagi ustuvor vazifalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Muloqot davomida iqtidorli yoshlarni saralash, ularni zamonaviy tayyorlov dasturlari asosida o‘qitish hamda xalqaro qo‘shma ta’lim yo‘nalishlariga jalb etish mexanizmlarini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar abituriyentlarni ingliz tili, sun’iy intellekt va XXI asr ko‘nikmalari asosida tayyorlash, qabul jarayonlarini soddalashtirish hamda ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldilar.

Tadbir yakunida Samarqand davlat chet tillar instituti hamda “Unicum Foundation” o‘rtasida xalqaro qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirishga qaratilgan o‘zaro anglashuv Memorandumi hamda abituriyentlarni tayyorlash va o‘qishga qabul qilish bo‘yicha hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Mazkur kelishuvlar yoshlar iqtidorini ro‘yobga chiqarish, ularni xalqaro ta’lim jarayonlariga tizimli jalb etish hamda institutning global ta’lim maydonidagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati

Share:
2026-04-22 14:16:35 16