Jurnalistlar va talabalar ishtirokida kitob taqdimoti bo’lib o’tdi

Samarqand davlat chet tillar institutida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi, “Ovozi Samarqand” gazetasi hamda SamDCHTI hamkorligida chop etilgan “Zamonaviy jurnalistika va sun’iy intellekt: istiqbollar va muammolar”, filologiya fanlari doktori Beruniy Alimovning “Jurnalistikada sun’iy intellekt davri”, shuningdek, “Zarafshon” gazetasi tahririyati tomonidan tayyorlangan Ahmadjon Muxtorovning “Umrning oltin tarozisi” kitobi hamda faxriy jurnalist Rahimjon Sultonov boshchiligida yaratilgan “Ahmadjon Muxtorov zamondoshlar xotirasida” kitoblari taqdimoti o‘tkazildi.

Unda so‘zga chiqqan Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Bahodir Xoliqov, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari bosh muharriri Farmon Toshev, taniqli jurnalist, tarjimon, Beruniy Alimov, faxriy jurnalist Rahimjon Sultonov va boshqalar yangi chop etilgan nashrlar haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Ahmadjon Muxtorov haqidagi mazkur kitobda nafaqat xotiralar, balki tajribali jurnalistning hayoti va faoliyati misolida soha xodimlarining zahmatli mehnati, davlat va jamiyat hayoti bilan bog‘liq murakkab masalalarni hal etishdagi o‘rni ham ifoda etilgan. Bu esa yosh jurnalistlar uchun haqiqiy mahorat maktabi vazifasini o‘taydi.

Tadbirda “Zamonaviy jurnalistika va sun’iy intellekt: istiqbollar va muammolar” hamda “Jurnalistikada sun’iy intellekt davri” kitoblari bugungi kunda soha uchun kadrlar tayyorlashda muhim o‘quv qo‘llanma bo‘lib xizmat qilishi mumkinligi ta’kidlandi.

 

Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati

 

Share:
2026-05-05 20:25:20 7