Buyuk astronom, matematik va davlat arbobi, temuriylar saltanatining adolatli hukmdori Mirzo Ulug‘bek haqida 12 tilda 12 ta muhim fakt

1. Buyuk munajjim, shoh va olim Mirzo Ulug‘bek 1394-yil 22-martda Eronning Sultoniya shahrida, Amir Temurning harbiy yurishi vaqtida tug‘ilgan. Uning ismi Muhammad Tarag‘ay, biroq bobosi Amir Temur tomonidan u yoshligidan "Ulug‘bek" deb atala boshlangan.

2. Sohibqiron bobosi uni bolaligidan o‘z harbiy yurishlariga yonida olib yurgan. Ulug‘bek 10 yoshida bobosining Xitoyga qilgan so‘nggi yurishida ham ishtirok etgan.

3. 1409-yilda, bor-yo‘g‘i 15 yoshida, otasi Shohruh Mirzo tomonidan poytaxti Samarqandda bo‘lgan Movarounnahr hukmdori etib tayinlangan va bu ulkan mamlakatni 40 yil boshqargan.

4. Ulug‘bek "Bilim olish har bir muslim va muslima uchun farzdir" degan Hadisga amal qilgan. U Samarqand, Buxoro va G‘ijduvonda madrasalar qurdirgan. Buxorodagi madrasasi peshtoqiga yuqoridagi hadisni yozdirib qo‘ygan.

5. 1424–1428-yillarda Mirzo Uluig‘bek dunyodagi eng noyob astronomik inshootlardan biri bo‘lmish Samarqand rasadxonasini qurdirgan. Rasadxonaning asosi bo‘lgan ulkan sekstant osmon jismlarini misli ko‘rilmagan aniqlikda kuzatish imkonini bergan.

6. Uning eng mashhur asari "Ziji Jadidi Ko‘ragoniy" (Astronomik jadvallar) bo‘lib, unda 1018 ta yulduzning holati va joylashuvi o‘ta aniqlik bilan bayon etilgan. Bu asar bir necha asr davomida Yevropa va Osiyo olimlari uchun asosiy qo‘llanma bo‘lib xizmat qilgan.

7. Mirzo Ulug‘bek tadqiqotlari davomida bir yilning davomiyligini hisoblab chiqqan: u hisoblagan vaqt hozirgi zamonaviy hisob-kitoblardan bor-yo‘g‘i 1 daqiqa-yu 2 soniyaga farq qiladi. Bu o‘sha davrdagi texnika uchun aql bovar qilmas juda yuksak natija edi.

8. Muhammad Tarag‘ay nafaqat kuchli astronom, balki matematik olim sifatida ham shuhrat qozongandi. Ulug‘bek sinus va tangenslar jadvallarini 9 ta raqamgacha bo‘lgan aniqlikda hisoblab chiqqan.

9. Uning atrofida o‘z davrining eng yirik olimlari – Qozizoda Rumiy, Gʻiyosiddin Jamshid Koshiy, Ali Qushchi va Miram Chalabiy kabi buyuk siymolar jamlangan edi. Bu muhit tarixda "Ulug‘bek akademiyasi" nomi bilan qolgan.

10. Ulug‘bek faqat aniq fanlar bilan cheklanmagan. U o‘zining "Tarixi arba’ ulus" (“To‘rt ulus tarixi”) asarida insoniyat tarixida o‘chmas iz qoldirgan Turkiy hukmdorlar, xususan, Chingizxon va uning avlodlari hamda turkiy xalqlar tarixi haqida batafsil ma’lumot berilgan.

11. Samarqandda Mirzo Ulug‘bekning bebaho xazinasi – 15 mingdan ortiq nodir qo‘lyozmalardan iborat ulkan kutubxonasi bo‘lgan. Afsuski, Mirzo Ulug’ning vafotidan so‘ng bu xazinaning katta qismi yo‘qolib ketgan.

12. 1449-yilda u o‘z o‘g‘li Abdullatifning xiyonati oqibatida qatl etilgan. Biroq, uning nomi o‘chmadi: XIX asrda nemis astronomi Iogann Medler Oyning ko‘rinadigan qismidagi kraterlardan biriga "Ulug‘bek" nomini bergan.

Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati

Share:
2026-06-16 11:18:02 8