Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Bahodir Xoliqov talabalarga “Mustaqillik darsi”ni o‘tdi

Yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan oliygohda birinchi bosqich talabalari uchun “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yarataylik!” shiori ostida “Kelajak soati” doirasidagi “Mustaqillik darsi” tashkil etildi.

Mashg‘ulotni institut rektori B.Xoliqov olib bordi. Rektor darsda davlatimiz Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev so‘zlagan nutqining mazmun-mohiyatiga to‘xtalib o‘tdi. Mustaqillik shunchaki siyosiy tushuncha emas, balki har bir insonning o‘z hayoti va taqdiri haqida erkin qaror qabul qila olishi, bilim va mehnat orqali o‘z salohiyatini namoyon etishi ekanligi ta’kidlandi.

Mamlakatimiz taraqqiyotining kelgusi o‘n yilligiga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar, xususan, bilim va malakani jamiyatning asosiy kapitaliga aylantirish, raqamli texnologiyalar, kelajak kasblari hamda jahon bilan raqobatlasha oladigan kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mashg‘ulot davomida turli avlodlar o‘rtasidagi vorisiylik, milliy birlik, xilma-xillikni hurmat qilish va har bir talabaning o‘z sohasi bo‘yicha professional mutaxassis bo‘lib yetishishi – Vatan oldidagi eng katta mas’uliyat ekani uqtirildi.

Dars interaktiv usulda talabalar bilan savol-javoblar ruhiyatida o‘tdi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olib, kelajak rejalari bilan o‘rtoqlashdilar.
 
Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati

Share:
2026-09-07 16:47:56 16