Samarqand davlat chet tillar instituti

Markaziy televideniya va boshqa OAVlarining Samarqand davlat chet tillar instituti faoliyatiga qiziqish bildirgani kabi “Xalq so‘zi” gazetasi ham institutimiz rektorining tarjimashunoslik faoliyatiga befarq bo‘la olmadi.

“Xalq so‘zi” muhbiri Yulduz O‘rmonovaning Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Ilxomjon Tuxtasinovdan olgan intervyusi

O‘zbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriyning 125 yilligiga bag‘ishlab, yurtimizda turli badiiy kechalar, madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Adibning millatparvarlik, vatanparvarlik ruhi bilan yozilgan betakror asarlari xorijiy tillarga tarjima qilinmoqda.

“Mehrobdan chayon” romanini ingliz tiliga o‘girgan Ilxom TUXTASINOVning Abdulla Qodiriyning til va uslubi, ijodiy mahorati, asarlarida ilgari surilgan g‘oyalar haqida fikr-mulohazalarini yozib oldik.

— Mamlakatimizda yoshlar orasida kitobxonlikni ommalashtirish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda, – deydi I. Tuxtasinov. — Ular orasida o‘zbek adabiyotining sara namunalarini yoshlar orasida targ‘ib etish va ularni xorijiy tillarga tarjima qilish ishlari alohida e’tiborga molik.

“Mehrobdan chayon” o‘zbek xalqining yaqin o‘tmishini aks ettirgan, milliy ruhda yozilgan romandir. O‘qigan insonda chuqur taassurot uyg‘otadi. Bugun Prezidentimiz tashabbusi bilan milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari dadil odimlayotgan mamlakatimizda bu kabi yetuk asarlarning ahamiyati beqiyos.

Ayni shu jihatlar hisobga olinib, shu bilan birga, ushbu roman targ‘ibotini yanada kengaytirish maqsadida uni tarjima qilishga kirishdik. Qodiriy davridagi til murakkab bo‘lganligi bois tarjima jarayonida qiyinchiliklarga duch kelmaslikning iloji yo‘q. Sababi “Mehrobdan chayon”da uchraydigan leksik birliklarning ba’zilari hozirda eskirgan, bugungi ona tilimizda ishlatilmaydi. Qolaversa, ba’zi tushunchalarga ham atroflicha izoh berishga to‘g‘ri keldi. Bunda o‘zbek tilining izohli lug‘ati, O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi bizga tayanch manba bo‘ldi.

Tarjima kitob holida nashr etilib, tez kunlarda o‘quvchilarga taqdim etiladi. Sotuvga ham cho‘ntakbop narxda chiqarishni rejalashtirganmiz. O‘ylaymizki, ushbu kitob yosh tarjimonlar, inglizzabon o‘quvchilar, ayniqsa, til o‘rganuvchilar e’tiboridan chetda qolmaydi. Ular nafaqat badiiy kitob mutolaasidan zavq olishi, balki tarjima nazariyasiga oid bilimlarga ega bo‘lishiga umid qilamiz. Boisi asarda nafis o‘xshatishlar, qochirimlar, kinoyalar, o‘zbek tiligagina xos iboralar borki, ularni asli kabi tarjima qilishda tilmochdan yuksak mahorat talab etadi. Bu jihatlarni sinchkovlik bilan nazardan o‘tkazish yosh tarjimonlarga qo‘l kelishi aniq.

Bugungi kunda o‘zbek tarjimashunosligi yangi bosqichda rivojlanmoqda, desak mubolag‘a emas. Sababi yaqin-yaqingacha xorijiy tillardan o‘zbek tiliga yoki o‘zbek tilidan xorijiy tillarga adabiyotlar rus tili orqali tarjima qilingan. Hozirgi kunda esa bebaho asarlarimiz o‘zbek tilidan xorijiy tillarga, xususan, ingliz, fransuz, koreys, rus, xitoy va boshqa tillarga to‘g‘ridan to‘g‘ri tarjima qilinmoqda. Bu, albatta, quvonarli hol. Chunki asliyatdan qilingan tarjimalarda milliylik, ona tilimizdagi bo‘yoqdorlik, xalqimizning urf-odat va an’analari yanada aniqroq, yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Biz tarjimon hamkasblarimiz bilan shu kungacha Qodiriyning “O‘tkan kunlar”, Oybekning “Navoiy”, G‘afur G‘ulomning “Shum bola” asarlarini ingliz tiliga tarjima qildik va nashr etishga muvaffaq bo‘ldik. Kelgusida o‘zbek adabiyotining sara namunalari bo‘lmish “Kecha va kunduz”, “Yulduzli tunlar”, “Humoyun va Akbar”, “Dunyoning ishlari” kabi asarlarni ham xorijiy tillarga o‘girib, chop qilishni rejalashtirganmiz. Zero, tarjima xalqlar o‘rtasidagi adabiy ko‘prikdir, desak yanglishmaymiz.

 

SamDCHTI matbuot xizmati

Share:
2019-12-24 14:20:00 89