Kafedraning hamkorlik aloqalari
Xitoy filologiyasi kafedrasi o‘z faoliyatida ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohalarida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishni ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilagan. Kafedra faoliyati nafaqat xorijiy oliy ta’lim muassasalari, balki mahalliy ta’lim tashkilotlari bilan ham izchil aloqalarga asoslanadi.
Mahalliy hamkorlik aloqalari
Kafedra Samarqand davlat chet tillar instituti qoshidagi Konfutsiy instituti, institut huzuridagi akademik litsey, shuningdek, xitoy tili o‘qitiladigan umumta’lim maktablari va xususiy ta’lim muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Ushbu ta’lim muassasalarida kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan seminar-treninglar, ochiq darslar, uslubiy mashg‘ulotlar o‘tkazilib, o‘qituvchilarning metodik malakasini oshirish, o‘quvchilarda xitoy tiliga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish yo‘lida muntazam ishlar olib borilmoqda.
Mazkur hamkorlik natijasida SamDChTI huzuridagi ta’lim zanjiri — litseydan oliygohgacha bo‘lgan uzviy tizimda xitoy tili chuqurlashtirib o‘qitilmoqda va kelgusida ushbu yo‘nalishda qo‘shma o‘quv dasturlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Xalqaro hamkorlik aloqalari
Kafedra xalqaro miqyosda Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan ham faol hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Jumladan, Shanxay xorijiy tillar universiteti, Pekin til va madaniyat universiteti, Tianjin xorijiy tillar universiteti, Veynan pedagogika universiteti, Shinjon qishloq xo‘jalik universiteti va Shinjon davlat universiteti bilan o‘zaro memorandumlar imzolangan.
Mazkur hamkorlik doirasida:
Xitoylik professor-o‘qituvchilar Samarqand davlat chet tillar institutiga tashrif buyurib, xitoy tili, madaniyati va tarjima nazariyasi fanlaridan ma’ruzalar o‘qimoqda;
SamDChTI o‘qituvchilari ushbu xorijiy hamkor oliy o‘quv yurtlarida malaka oshirish va stajirovka kurslarida ishtirok etib, ilg‘or tajribalarni o‘rganmoqdalar;
Xitoylik magistrantlar SamDChTI kafedralarida amaliyot o‘tamoqda, ularning ishtirokida qo‘shma seminarlar va madaniy almashinuv tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Bundan tashqari, Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayon hokimiyati bilan hamkorlikda xitoylik talabalarning Samarqand davlat chet tillar institutiga kelib, bakalavriat va magistratura dasturlari bo‘yicha ta’lim olish jarayonlari yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda bir qator xitoylik talabalar institutda o‘qishni boshlab, O‘zbekiston va Xitoy yoshlarining o‘zaro madaniy integratsiyasiga hissa qo‘shmoqda.
Diplomatik va madaniy hamkorlik
Kafedra faoliyatida Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi muhim hamkor sifatida alohida o‘rin tutadi. Elchixona SamDChTIdagi xitoy tili yo‘nalishini doimiy qo‘llab-quvvatlab kelmoqda, xususan:
Elchixona ko‘magida talabalarning “Xalqaro Xitoy tili ko‘prigi” (Chinese Bridge) tanlovlarida ishtiroki yo‘lga qo‘yilgan;
Talabalar orasida Elchi stipendiyasi sovrindorlari safi yildan yilga kengayib bormoqda;
Elchixona vakillari kafedra bilan hamkorlikda turli madaniy uchrashuvlar, seminarlar va taqdimotlar tashkil etmoqda.
Mazkur hamkorlik aloqalari natijasida Xitoy filologiyasi kafedrasi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ta’lim, fan va madaniyat sohasidagi hamkorlikning ishonchli ko‘prigiga aylanib, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain
