Ingliz tilining integrallashgan kursi kafedrasi
Kafedra 2026-yil 29-avgustdagi Institut Kengashining 1-sonli yig‘ilish bayoni asosida 2026-yil 2-sentabrdan boshlab “Ingliz tilining integrallashgan kursi kafedrasi” sifatida tashkil etilgan bo‘lib, “Ingliz filologiyasi va tarjimashunoslik” fakulteti negizida o‘z faoliyatini boshlagan.
Kafedraning asosiy faoliyat yo‘nalishi talabalarga ingliz tilini zamonaviy pedagogik va innovatsion texnologiyalar asosida o‘rgatish, ularning tinglab tushunish, gapirish, o‘qish va yozish kabi integrallashgan til ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, mustaqil ta’lim va amaliy mashg‘ulotlar samaradorligini oshirishdan iborat.
2026/2027-o‘quv yilida kafedrada jami 29 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat olib bormoqda. Shundan 24 nafari asosiy shtatda, 5 nafari ichki o‘rindoshlik asosida faoliyat yuritmoqda. Professor-o‘qituvchilarning tarkibi quyidagicha: 1 nafar professor, 2 nafar dotsent, 3 nafar PhD ilmiy darajasiga ega katta o‘qituvchi, 3 nafar katta o‘qituvchi, 7 nafar assistent-o‘qituvchi hamda 11 nafar stajyor-o‘qituvchi.
Kafedrada o‘quv jarayonini samarali tashkil etish, fan dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallarni takomillashtirish, zamonaviy xorijiy tajribalarni ta’lim jarayoniga joriy etish hamda professor-o‘qituvchilarning kasbiy va ilmiy salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan ochiq darslar, ilmiy-uslubiy seminarlar, mahorat darslari, o‘zaro dars kuzatuvlari, talabalar bilan ilmiy-tadqiqot ishlari va mustaqil ta’lim mashg‘ulotlari muntazam tashkil etilmoqda. Ta’lim jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, interfaol metodlar va raqamli ta’lim resurslaridan keng foydalanish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Kafedra jamoasi yangi o‘quv yilida ta’lim sifatini yanada oshirish, talabalarning chet tilini amaliy egallash darajasini yuksaltirish, xalqaro standartlar asosida ta’lim berish hamda ilmiy-uslubiy faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirmoqda.
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain
