Bugun, 15-noyabr kuni Samarqand davlat chet tillari institutida "O'zbekiston umumiy uyimiz" mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi. Unda yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor O.G'aybullayev, Axborot siyosati masalalari bo’yicha rektor maslahatchisi А.Аbduraimov, “Gumanitar fanlar va axborot texnologiyalari” kafedrasi professor-o’qituvchilari R.Komilov va Y.Xoliqovlar, shuningdek, institutning 120 nafar talaba-yoshlari ishtirok etdi.
Jumladan, prorektor O.G‘aybullayev kirish so‘zi bilan jarayonni ochib berdi.
— Alohida qayd etish kerakki, bagʻrikenglik oʻzbek xalqi maʼnaviyati va madaniyatining ajralmas qismi hisoblanadi. Yurtimizda nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy sohalar, balki mamlakatimizda istiqomat qilib kelayotgan turli millat va elatlar oʻrtasida doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlash, diniy bagʻrikenglik tamoyillarini qaror toptirishga ham alohida eʼtibor qaratib kelinadi – deya o’z fikrlarini bildirib o’tdi prorektor O.G‘aybullayev.
Shundan so‘ng, “Gumanitar fanlar va axborot texnologiyalari” kafedrasi dotsenti R.Komilov so‘zga chiqib, bugungi kunda bagʻrikenglik insoniyat tomonidan erishilgan eng katta yutuqlardan biri ekanligi bundan keyingi taraqqiyot uchun ham u muhim omillardan boʻlib qolishini, Oʻzbekistonda turli konfessiya vakillari oʻrtasida mustahkam doʻstlik, bagʻrikenglik muhiti taʼminlanishini taʼkidlab o'tdi.
Jarayon davomida mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 140 ga yaqin milliy-madaniy markazlar faoliyati, ularning oʻz ona tili, millati, tarixi, qadriyatlari va madaniyatini oʻrganish borasida amalga oshirayotgan keng koʻlamli ishlar toʻgʻrisida talaba-yoshlarga maʼlumot berildi hamda ularning diniy bag'rikenglik haqidagi fikrlari bilan tanishildi.
SamDCHTI Axborot xizmati
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain








