Jadidchilik harakatining sarvari Mahmudxo‘ja Behbudiy zamon va makon xohish irodasi va talabi bilan ma’naviyat sahnasiga chiqqan va o‘chmas iz qoldirgan siymodir. U o‘z davrining ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy harakatlarida faol qatnashgan yirik namoyandasi, yangi zamon o‘zbek adabiyotining asoschilaridandir.
Mahmudxo‘ja Behbudiy 1875-yilning 19-yanvarida Samarqand yaqinidagi Baxshitepa qishlog‘ida dunyoga keldi. Otasi Behbudxo‘ja Solihxo‘ja o‘g‘li qisqa vaqt oilasi bilan shahardagi mahallalardan birida istiqomat qildi. 2020-yil alloma tavalludining 145-yilligi munosabati bilan u kishi yashagan hovli viloyat hokimligining amaliy ko‘magida uy muzeyga aylantirildi.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashi tashabbusi bilan mazkur uy muzeyida “Mahmudxo‘ja Behbudiy: Turkiston jadidchilik harakatining yo‘lboshchisi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Unda partiya viloyat kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Rahmatulla Isoqov so‘z olib, jadidchi bobomizning hayoti va faoliyati to’g’risida Samarqand davlat chet tillari institutining ingliz filologiyasi va tarjimashunoslik fakulteti talabalariga batafsil ma’lumot berdi.
Tadbirda Mahmudxo‘ja Behbudiyning evarasi Shohruhxon Behbudiyning ham ishtirok etishi mavzu mohiyatini to‘laqonli ochish, tadbirda ishtirok etgan talabalarda bobomiz haqidagi tasavvur va taassurotlarni yanada boyitish imkonini kengaytirdi.
Tadbir davomida mutafakkirning ilmiy, ijodiy, pedagogik faoliyati va merosi alohida ahamiyatga molik ekanligi qayd etilib, millat ma’rifati, ozodligi yo‘lida mardonavor kurashgan bu ulug‘ allomaning hayoti, faoliyati avlodlar uchun ibrat namunasi bo‘lib qolishi bildirildi.
Tadbirda ishtirokb etgan talaba-yoshlar Behbudiy uy muzeyi bilan yaqindan tanishib, bobomiz yashagan davr muhiti, allomaning hayoti va faoliyati bilan bog‘liq qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
SamDCHTI Axborot xizmati
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain





